O‘zbekiston | 13:33 / 14.04.2020
49998
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus uchun ommaviy test qilinmayotganiga izoh berildi

O‘zbekistonda ayni vaqtda aholidan test olish uchun jami 200ta PsR apparatlari mavjud va bunday apparatning bittasi bir kunda ko‘pi bilan 400 kishini testdan o‘tkaza oladi. Bu haqda Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tdi.

Foto: riavrn.ru

Tadbirda Nurmat Otabekov O‘zbekiston aholisi nega yoppasiga test qilinmayotgani haqida so‘raldi.

«O‘zbekiston aholisini bir kunda to‘liq testda o‘tkazish uchun 85 mingta PsR apparati kerak bo‘ladi. Bitta PsR apparati bir kunda 400 tahlil o‘tkazishi mumkin. Yana shuncha virusolog shifokorlar jalb etilishi kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda esa barcha vrachlarning umumiy soni 75 ming nafarga yetmaydi», deydi Otabekov.

Hozirgacha O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq kishi test qilingani, har kuni 8-9 ming kishi tekshirilayotgani va bu ishlar davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda PsR laboratoriyalar soni 40dan ortiqroq, bu laboratoriyalardagi PsR apparatlari esa eng ko‘pi bilan 200ta bo‘lishi mumkin.

«Xavf osti guruhiga mansub bo‘lganlarni tekshirib, ular orasidan kasallikni aniqlash – bu epidemiologiyaning oltin qonuni. Shu orqali kasallikni jilovlash imkoniyatini yuzaga keltiradi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizim Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan eng samarali usul, deb e'tirof etilmoqda», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid