Buyuk tushkunlik pandemiya sababli vujudga kelmagan bo‘lsa-da, u davrdagi vaziyat bugungi kundagi koronavirus inqirozidan ham yomonroq edi. Shubhasiz, xuddi Buyuk tushkunlik davrida bo‘lgani singari koronavirus pandemiyasi sharoitida jamiyat hayotida noaniqliklar oshib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, hozirgi sharoitda biz ishonishimiz kerak bo‘lgan yagona narsa – bu ishonchning o‘zidir. Bu O‘zbekiston hukumatiga ishonch, koronavirus tarqalishini kamaytirish, aholining yordamga muhtoj qatlamini himoyalash, inqirozdan katta talafotlarsiz chiqish va inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tezda oyoqqa turg‘azish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarga, shu jumladan Markaziy bank tomonidan olib borilayotgan pul-kredit va valuta siyosatiga bo‘lgan ishonchdir.    

2020 yil 14 aprel kuni ichki valuta bozorida so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9 793 so‘mni tashkil etdi. Bank ish kuni yopilishi arafasida Markaziy bank tomonidan asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajada belgilangani e'lon qilindi. Regulyatorning kutilmagan qaroridan keyin kunning boshida valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali AQSh dollari oldi-sotdisini 9780-9850 so‘m koridorida taklif etishni boshlagan tijorat banklari kun oxiriga kelib koridorni 10140-10150 so‘mgacha ko‘tarishdi. Natijada, internet nashrlari orqali bir qator iqtisodchilar, ekspertlar milliy valuta qadrsizlanishi borasida o‘zlarining shaxsiy fikrlarini bildirdilar. Ba'zi ekspertlarning 2020 yil oxiriga so‘m almashuv kursi bo‘yicha prognozlari ham paydo bo‘ldi. 15 aprel kuni esa Markaziy bank valuta kurslarini yangiladi, so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 10 121 so‘mni tashkil qildi.

Ushbu vaziyatda so‘mning qadrsizlanishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar nimalar? Nima uchun yil boshidan beri AQSh dollariga nisbatan qadrini 9500 so‘m atrofida barqaror ushlab kelayotgan milliy valuta aprel oyining dastlabki kunlaridan boshlab yana qadrsizlana boshladi, kabi savollar tug‘ilishi tabiiy. Quyida mazkur savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Eksport hajmining import hajmiga nisbatan ko‘proq kamayishi ichki valuta bozorida valuta taklifining kamayishiga sabab bo‘lmoqda

2019 yilning 1-choragida tovar va xizmatlar eksportidan tushum 2018 yilning mos davriga nisbatan 20,6 foizga oshib, ma'lum darajada ichki valuta bozorida valutaga bo‘lgan talabni qondirishga xizmat qilgan edi. Joriy yilning 1-choragida esa koronavirus pandemiyasi sababli kelib chiqqan inqiroz tufayli eksport hajmi 2019 yilning 1-choragiga nisbatan 10,9 foizgacha kamaydi. Bu esa joriy yilning o‘tgan davrida ichki valuta bozorida xorijiy valuta taklifining shuncha miqdorga kam bo‘lganligini bildiradi.