Dominik Raab / AFP

Britaniyada 26 martda joriy etilgan karantin hozircha may oyi boshiga qadar davom etishi aniq, ammo hukumat virus tarqalishi to‘xtasagina choralarni bekor qilishi mumkin.

So‘nggi bir kunda Britaniyadagi shifoxonalarda yana 861 kishi koronavirus qurboniga aylangan. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda koronavirusdan halok bo‘lganlar soni 13728 nafarni tashkil qilmoqda.

«Biz hali virus tarqalishi tezligini yetarli darajaga tushira olmadik», degan Raab.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda karantinni bekor qilish kasallanish holatlari soni keskin ortishiga olib keladi.

U Britaniya hukumati karantinni bekor qilishda bir qator mezonlarga rioya qilishini bildirdi.

Bu kriteriyalar - birinchi navbatda, yangi zararlanish holatlari soni va o‘limlar soni barqaror ravishda kamayishi, shifoxonalarga yuklamalar kamayishi ta'minlanishi bilan bog‘liq.

Mart oyi oxiridan Birlashgan qirollikning aksar aholisi jamoat joylarida guruh bo‘lib to‘planish taqiqlangan holatda yashay boshladi. Istisnolar faqat muhim ish faoliyati bilan band bo‘lganlar uchun qo‘llanadi.

Uydan chiqish taqiqlanmagan - faqat bunga sabab bo‘lishi kerak, sabablar ro‘yxati keng. Bular qatorida ko‘chada yugurishga va boshqa jismoniy mashqlarni bajarishga chiqish, shuningdek, xaridga, dafn marosimiga yoki sudga, qon topshirishga va yana bir qator sabablar bor.

Tojikistonda rasman koronavirus yo‘q. Ammo bu yerda ham pandemiyani his qilishmoqda

Yevropadagi vaziyat
Fransiya yana 1438 kishi koronavirusdan vafot etganini ma'lum qildi - bu epidemiya boshlanganidan buyon kunlik o‘lim bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ammo, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, bu raqam Pasxa bayrami kunlarida qariyalar uylarida qayd etilgan o‘limlarni ham o‘z ichiga oladi.

Nima bo‘lganda ham, Fransiyadagi vaziyat juda jiddiyligicha qolmoqda. Fransuz armiyasining «Sharl de Goll» nomli aviatashuvchisi bortida ham Covid-19 tarqalgan. Qariyb 700 nafar dengizchida virus aniqlangan, ulardan 20 nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.