Mart oyida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yangi turdagi koronavirus tufayli kelib chiqadigan COVID-19 kasalligi borasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarga ega 40 millionta post belgilangan. Bu haqda kompaniya rasmiy saytidagi bayonotda ma'lum qilindi.

«Masalan, mart oyida Facebook’da COVID-19ga oid 40 millionta postga ogohlantiruvchi markirovka qo‘yib chiqdik. Bunga asos bo‘lib, biz bilan faktlarni tekshirish sohasida hamkorlik qilayotgan tashkilotlarning 4 mingdan ortiq maqolasi xizmat qildi. Foydalanuvchilar bunday markirovkani ko‘rganida 95 foiz holatda original kontent bilan tanishmaydi», — deya axborot bergan Facebook.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, payshanba kunigacha ular «insonlar salomatligiga putur yetkazuvchi koronavirus haqidagi yuz minglab dezinformatsiya ma'lumotlari»ni o‘chirishgan.

Bunday dezinformatsiya orasida koronavirusga qarshi kirlarni oqartiruvchi moddalarni ichish, odamlar orasida xavfsiz masofaga rioya qilish samarasiz ekanligini to‘g‘risidagi asossiz ta'kidlar ham bor.

Fevral oyining o‘rtalarida Amerikaning Facebook, Amazon va Google doxil o‘nlab texnologik kompaniyalari JSST bilan yangi koronavirus haqidagi uydirmalar tarqalishining oldini olish choralarini muhokama qilgan edi.