– Nargiza, qancha vaqtdan beri bu davlatdasiz va qaysi sohada faoliyat yuritasiz?
– Turkiyaga 2017 yilda kelganman. Bu yerdagi aksariyat o‘zbekistonlik xotin-qizlar kabi uy ishida, bir xonadonning ichida ishlayman. Aniqrog‘i, bir qizaloqqa enagalik qilaman va unga rus tilini o‘rgataman.
– Ortda qolgani rost bo‘lsin. Kasallikka qanday chalinib qoldingiz va u sizda og‘ir kechmadimi?
– Aytganingiz kelsin. Ishlaydigan xonadonimga men enagalik qilayotgan qizchaning bobosi va buvisi mehmon bo‘lib kelishdi. Ular boshqa shaharda yashaganlari sababli har doim samolyot bilan kelib ketishadi. Xullas, ular kelganlaridan bir hafta o‘tib isitma qilishni boshlashdi. Oradan ikki kun o‘tib qizaloqning dadasi, yana uch kundan keyin menda isitma boshlandi. Ularda faqatgina isitma va holsizlik bor edi, u ham bo‘lsa atigi uch kun davom etdi. Menda esa isitmadan keyin yo‘tal boshlandi va undan qutulishga qanchalik harakat qilsam ham to‘xtamadi. Aksincha, kun sayin ahvolim og‘irlashdi. Ko‘ngil aynishi va ishtahasizlik qo‘shildi. Gapirishga ham qiynalib qolganimda va yo‘talni shifokor aralashuvisiz yenga olmasligimni anglab kasalxonaga bordim. U yerda menga koronavirus tashxisi qo‘yildi.
Kasalxonadan kerakli dori-darmonlarni berib, meni uyga jo‘natishdi va nafas olish bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lganda darhol qaytib kelishni hamda 14 kun mobaynida karantin qoidalariga qattiq rioya qilishimni uqtirishdi. Shifokorimning har bir aytgan gapiga rioya qildim va Xudoga shukr, tuzaldim. Hozir ham uyning ichida niqob va qo‘lqop bilan yuraman va himoya vositalarini kuniga bir necha bor almashtiraman. Men bilan birga yashaydigan dugonam bilan gaplashganda ham kamida bir metr masofa saqlayman. U mening, men uning xonasiga kirmaymiz. Darvoqe, qizchamizning bobosi va buvisida ham koronavirus aniqlandi va ular ham uyda davolanib, tuzalishdi. Xudoga ming marta shukr, mening quvonchim – Defne qizaloq bu kasallikka chalinmadi.

– OAV sohasida ishlagansiz, O‘zbekistonni albatta muntazam kuzatib borasiz. Turkiya bilan O‘zbekistonning koronavirusga qarshi kurash uslublarida qanday tafovut va o‘xshash jihatlar bor?
– O‘zbekistonda karantin Turkiyaga nisbatan erta boshlandi va bu samarali chora, deb o‘ylayman. Har bir kasal albatta shifoxonaga yotqizilishi va butun nazoratni davlat o‘zi olib borayotgani juda yaxshi bo‘ldi. Avtomobillarning yurmasligi, odamlarning tashqariga chiqmasligi koronavirus kasalligining tarqalishiga qarshi eng kuchli qurol.


















