Vazir soha xodimlarini respublikada nishonlanayotgan 18 aprel - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni bilan tabriklagan.
Uning ta'kidlashicha, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xalq turmush darajasini oshirish, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, ular uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega.
“Ana shunday muhim sohada faoliyat yuritayotgan Siz azizlarning kundalik fidokorona mehnatingiz natijasida aholimizga toza ichimlik suv va issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda, shahar va tumanlarimizdagi ko‘p kvartirali uy-joylar obod bo‘lmoqda, yillar davomida aholimizni qiynab kelayotgan muammolar izchillik bilan hal qilinmoqda.
Bugungi sinovli kunlarda ham sohada fidokorona faoliyat yuritayotgan minglab hamkasblarimiz davlatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Karantin sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishda o‘ta muhim bo‘lgan toza ichimlik va issiq suvni aholiga yetkazish uchun o‘z halovatidan kechib, kunni tunga ulab bor bilim va tajribasini ayamay, matonat ko‘rsatib kelayotgan minglab soha xodimlarining har kuni qahramonlikdan, xayrli ishlardan iborat desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, - deydi vazir.
Uning ta'kidlashicha, 2019 yil vazirlik tarixida salmoqli yil bo‘ldi.
Respublika hududlarida ichimlik suv ta'minoti va oqava suv infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.
Ushbu maqsadlarda 1,7 trln. so‘m miqdordagi budjet mablag‘lari hisobidan 550 tadan ortiq obektlar foydalanishga topshirildi. Xalqaro moliya institutlari hamkorligidagi 10 ta yirik loyihalar doirasida 99 mln. dollarga yaqin kredit mablag‘lari o‘zlashtirildi.
800 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi ta'minoti, 75 mingdan ortiq aholining oqava suv xizmatlari yaxshilandi.
Issiqlik ta'minoti sohasini rivojlantirish natijasida qo‘shimcha 300 tadan ortiq ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi 50 mingga yaqin aholining issiqlik ta'minotini qayta tiklandi. Ilk bor Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etildi. Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand shaharlari va Toshkent shahrining Sergeli tumanida markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish uchun Jahon banki ishtirokida 220,7 mln. dollar qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishni boshladik.
Shahar va tumanlardagi 5 400 tadan ortiq ko‘p kvartirali uylar ta'mirlandi, uylarga tutash hududlar obodonlashtirildi, 1 500 tadan ortiq bolalar maydonchalari, 188 ta tandirxonalar, 115 ta sanitar uzellar qurildi va ta'mirlandi.















