18 aprel kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va bir guruh jurnalist hamda blogerlarning Zoom dasturi orqali onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Unda xalq ta'limi tizimi hamda karantin davrida bu soha atrofidagi masalalar muhokama qilindi. Muloqot davomida jurnalistlar tomonidan karantin tartibi yoz oylariga qadar ham davom etadigan bo‘lsa, o‘quvchilarning yakuniy imtihonlari masalasi qanday yechilishi borasida savol berildi.

Xalq ta'limi vaziriga ko‘ra, Qozog‘istonda maktab imtihonlari bekor bo‘lishi bilan Sherzod Shermatov nomiga ham imtihonlarni bekor qilish borasida turli ochiq xatlar yozilgan.

«Onlayn darslar jarayonida ham a'lochi o‘quvchilar muttasil o‘qiyapti, mas'uliyatli ota-onalar shug‘ullanyapti. Lekin mas'uliyati bo‘lmagan, o‘qishni xohlamayotgan bolalar, ularni ota-onasi o‘z holiga tashlab qo‘yayotgan holatlari ham bor.

 Faraz qiling, shu savolingizga, bizda ham imtihon bo‘lmaydi desam, hamma o‘quvchilar uchun ta'til boshlanib ketadi. Shuning uchun hali bunga vaqt bor. Buni katta muammo qilmaslik kerak. Imtihonlar may oxirida bo‘ladi, hali ungacha vaqt bor. Imtihonga tayyorgarlik ko‘rishsin. Afsuski, ko‘p bolalar imtihon uchun ham o‘qiydigan bo‘lib qolgan. Agar shu stimul ham yo‘qolsa, umuman o‘qimay qo‘yadi. Bu mavzuda gapirmay turaylik, o‘qishga ko‘proq jalb qilaylik.

Ingliz tilini, axborot texnologiyalarini bilish orqali bemalol uydan turib pul topish mumkinligini ko‘rsatib berishimiz kerak. Juda bo‘lmasa, ingliz tilini bilib chiqsin. Bitirib chiqqandan keyin qanaqadir bo‘lsa ham ishga ega bo‘ladi.

600 mingdan oshiq bola maktabni bitirsa, 20 foizi universitetga kirsa, 80 foizi ish topishi kerak.

Inqiroz paytida qayerga boradi? Shuning uchun uydan turib ishlash imkoniyatlari haqida ko‘proq ma'lumot bo‘lishi kerak.Biz aholi jon boshiga daromad yuqori bo‘lgan boshqa davlatlar singari internet orqali mehnat narxlarini yuqori bera olmaymiz. Lekin bunga sal harakat qilish kerak.

Til bilish, axborot texnologiyalari bilan ishlay olish, qunt bo‘lishi kerak.

Bitirish imtihonlaridan xavotir olmayapman. Uni o‘tkazib olsa bo‘ladi. Butun dunyoda qilinadigan tajribalar bor. Juda bo‘lmasa, bekor bo‘lganda ham uchta chorak bahosi bilan baho qo‘yiladi.