Shifoxonalardagi bemorlar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda AQSh yetakchilik qilmoqda, zararlanish holatlarining eng ko‘p qismi Nyu-York shtatiga to‘g‘ri keladi. AQShda pandemiya boshlanganidan buyon 748 mingdan ortiq kishiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan (240 mingdan ortig‘i Nyu-York shtatida), 40 mingga yaqin kishi koronavirus qurboniga aylangan.
BBC rus xizmati koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma'lumotlarni keltiradi.
Rossiyada 19 aprel kuni 6060 kishida virus aniqlandi va jami zararlanish holatlari soni 42 853taga yetdi. Bemorlarning 361 nafari vafot etgan, 3291 kishi sog‘aygan. Zararlanganlarning yarmidan ko‘prog‘i Moskvada qayd etilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin yakshanba kuni dindorlarni Pasxa bayrami bilan tabrikladi va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat to‘liqligicha davlat nazoratida ekaniga ishonch bildirdi. Prezident pandemiyaga qarshi kurash qo‘shimcha resurslar va zaxiralarni talab etishini qayd etgan. «Bizda yetarli zaxiralar bor. Ulardan foydalanamiz», degan u.
Italiya hukumati yakshanba kuni o‘tgan bir kunda 433 kishi vafot etganini ma'lum qildi - bu so‘nggi haftadagi eng past kunlik ko‘rsatkichdir.
Ispaniyada ham koronavirus bemorlari orasida o‘limlar soni kamaymoqda, yakshanba kuni bu yerda 410 bemor vafoti haqida ma'lum qilindi. Bir kun oldin Ispaniya shifoxonalarida koronavirus tashxisi qo‘yilgan 482 kishi olamdan o‘tgandi, mart oyi oxirida kunlik o‘limlar soni 900dan oshgandi.
Ispaniya koronavirus qurbonlari soni 20 mingdan oshgan uchinchi mamlakatdir, bundan yuqoriroq ko‘rsatkichlar AQSh va Italiyada qayd etilgan. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches shu kunlarda karantin choralari 9 mayga qadar uzaytirilgani haqida e'lon qildi, lekin mamlakatda karantin choralari hafta boshidan buyon yumshatib kelinmoqda. Hafta boshida kataloniyaliklar hukumati Madridning qaroriga bo‘ysunishdan bosh tortgandi. Ispaniyaning boshqa hududlarida qator toifadagi ishchilar ishga qaytgan, turli zavodlar va korxonalar xodimlari sanitar normalariga rioya qilgan holda faoliyatini tiklagan. Hukumat bosqichma-bosqich karantin choralarini yumshatib borishni rejalashtirgan. Yakshanba kuni Sanches hukumat 14 martdan buyon uydan chiqarilmayotgan bolalar uchun taqiqlarning bir qismi bekor qilinishi haqida ma'lum qildi. Uning aytishicha, bolalar 27 apreldan ko‘chaga chiqishlari mumkin.
«May oyida yangi normalar bo‘yicha harakatlana boshlaymiz», degan Sanches.
Avstraliya hukumati Uhanda 19-nCoV koronavirusi paydo bo‘lishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Avvalroq Amerika nashrlarida razvedka manbalariga asoslangan holda virus Uhan virusologiya instituti laboratoriyasida yaratilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatdi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham bu talqinni rad etmadi va amerikaliklar tekshiruv o‘tkazishini ma'lum qildi.










