«Buni aprel oyidagi 20 kunlik soliq tushumlarida ham kuzatish mumkin. Jumladan, qator viloyatlarda 30-40 foiz, ayrim tuman va shaharlarda esa 50 foizdan ziyod tushum ta'minlanmagan.
Bunday og‘ir sharoitda davlatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, bir oy ilgari qabul qilgan 2ta qarorga asosan, hozirga kelib nafaqa va moddiy yordam oladigan bolali oilalar soni 595 mingdan 655 mingga, ya'ni 60 mingtaga ko‘paytirildi. Shuningdek, aholining kreditlar bo‘yicha 3 trillion 260 milliard so‘mlik to‘lovlari muddati uzaytirildi.
Karantin davrida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 141 ming 800 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta'minlanib, ularga 43 milliard 225 million so‘m ish haqi to‘lab berildi. Shu bilan birga, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 219 ming oilaga oziq-ovqat va sanitariya-gigiyena mahsulotlari tarqatildi.
Biroq, shu bilangina cheklanib qolib bo‘lmaydi. Kun sayin o‘zgarayotgan vaziyat aholi bandligini ta'minlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi.
Tadbirkor va fermerlar kambag‘al oilalarga tomorqada ekin ekishga yordam berishi, takroriy ekin uchun o‘z yeridan joy ajratishi, kasanachilikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishi lozimligi ta'kidlandi. Davlat esa bunday sub'yektlarga soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, muddatini kechiktirishga ruxsat beradi yoki kredit ajratadi.

Misol uchun, Samarqand viloyatida «Agromir» korxonasi rahbari bir mingta oilani qaramog‘iga olib, 600 gektarda yangi tokzorlar barpo etish ishlarini boshlagan. 500 dan ziyod kambag‘al oilani kooperativga doimiy ishga olib, yangi tokzorlar orasini ularga bo‘lib bergan va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Qirq kunda hosil olsa bo‘ladigan bodring urug‘ini tarqatib, ekish harakatlarini boshlagan. Qurilish ishlariga yana 100 ta odamni ishga olgan.
Samarqand shahridagi «Aziya metall prof» korxonasi rahbari mingta oilaga oziq-ovqat tarqatgan, 10 ga yaqin ehtiyojmand oilaga uy qurib berish, 100 nafarini ishga olish tashabbusi bilan chiqqan.



















