Jahon | 14:33 / 23.04.2020
9330
4 daqiqa o‘qiladi

«Tushkunlik terapiyasi». Qon plazmasi og‘ir bemorlarga yordam beradimi?

Koronavirus epidemiyasi boshlanganiga 4 oy bo‘ldi. Dunyo bo‘yicha kasallar soni 2,5 milliondan oshgan bo‘lsa-da, virusga qarshi vaksina ham, dori ham yo‘q va yaqin orada paydo bo‘lishi kutilmayapti.

Dunyo shifokorlari samarali terapiya yo‘qligi tufayli, koronavirus bilan xastalangan va shifo topgan insonlarning qon plazmasini ahvoli og‘ir bemorlarga quyib, ularni qutqarib qolishga harakat qilishmoqda.

Ammo davolashning bunday usuli samaradorligi isbotlanmagan, klinik sinovlar esa endi boshlangan, tibbiyot ekspertlari esa uni qo‘llash bo‘yicha bir-biriga zid tavsiyalarni bermoqda.

Qon plazmasi bilan davolash nazariyasi oddiy va mantiqiydir. Shifo topgan bemorlarning immunitet tizimi infeksiyaga qarshi kurashishni o‘rganib oladi. Ular virusni zararsizlantiradigan maxsus oqsillar – antinana ishlab chiqadi. Bu oqsillar (immunoglobulinlar) qonning suyuq qismi – plazma tarkibida mavjud bo‘ladi. Nazariyaga ko‘ra, uni sog‘aygan donordan olib, bemorga quysa, antitanalar yangi xo‘jayini vujudidagi viruslarga qarshi kurashishi kerak. Bu usul tibbiyotda virus infeksiyalari profilaktikasi uchun ko‘pdan beri keng tarzda qo‘llanmoqda.

Biroq, tibbiy doiralarda uni koronavirusga qarshi shifo deb e'lon qilishga hech kim shoshmayapti.

Chunki, har qanday dorining samaradorligi va xavfsizligi klinik sinovlar bilan isbotlanishi kerak. Yangi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatda ular o‘tkazilmagan. Ilmiy jurnallarda bu haqda e'lon qilingan maqolalar esa shifokorlarning bir necha bemorlarni davolash tajribasi bilan o‘rtoqlashishdan iborat xolos.

Barcha rasmiyatchiliklarga amal qilish uchun, koronavirus yuqtirib olgan va o‘pkani sun'iy shamollatish apparatiga ulangan bemorlarni yetarli miqdorda to‘plash, ularni tasodifiy tarzda 2ta guruhga ajratish, birinchi guruhga antitana mavjud bo‘lgan donor qoni plazmasini quyish, ikkinchi guruhga esa platsebo (foydasiz va zararsiz) eritmani quyish kerak. Shundan so‘ng, har ikkala guruhning davolanish natijalarini taqqoslash orqali, bu usulning qanchalik samarali va zararsiz ekanini aniqlash mumkin bo‘ladi. Bu yagona tan olingan usuldir.

Biroq, koronavirus pandemiyasi sharoitida bunday sinovlarni o‘tkazishning imkoni yo‘q. Chunki, og‘ir kasallarning sinov guruhiga qon plazmasi o‘rniga platsebo quyish – ularni sog‘ayib ketish uchun yagona imkoniyatdan mahrum qilishi mumkin.

Mumkin bo‘lgan yagona yo‘l – reanimatsiyada yotgan va ahvoli og‘irlashib borayotgan umidsiz bemorni rasman tavsiya qilinmagan eksperimental usul bilan davolashga urinib ko‘rish.

SARS atipik pnevmoniyasi boshlangan 2003 yilda aynan shunday qilingan va juda ko‘p bemorlar qutqarib qolingan. Keyinchalik, qon plazmasini quyish amaliyoti Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan so‘nggi chora sifatida ma'qullandi va Ebola, yaqinsharqning MERS virusiga qarshi qo‘llandi.

Tibbiyot mutaxassislari fikriga ko‘ra, qon plazmasidan ommaviy tarzda foydalanish juda mushkul. Chunki qondagi antitanalarning yetarli konsentratsiyasi faqat 30 foiz bemorda bor xolos va ularning hammasi ham donor bo‘lishga tayyor emas.

Ammo qon plazmasidan foydalanish kasallik endi rivojlanayotgan bemorlarga yordam berishi ham mumkin. Virusga qarshi kurashish uning nafas olish yo‘llaridan qonga o‘tishi bilanoq boshlanishi kerak. Virusning xavfli oqibatlari, xususan, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kelib chiqqanida, unga qarshi kurashdan foyda yo‘q. Chunki u «o‘z ishini bajargan» bo‘ladi.

Vaksina esa inson organizmini himoyaga o‘rgatadi. Bu chaqirilmagan mehmon paydo bo‘lishi bilan, uni bog‘lab, militsiyaga berib yuborishdek gap. Antitana esa virus odam vujudini egallab olganidan keyin paydo bo‘lishi mumkin. Tibbiyotda uni «tushkunlik terapiyasi» deb bejiz aytishmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid