Yangi tartib bo‘yicha ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli tarzda yetkazish Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida tashkil qilingan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Markaz tashkilotchiligida ijtimoiy yordam mahsulotlari mahallalardagi kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, keksalar va nuroniylar, doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillari, shuningdek, karantin tufayli kunlik ishga chiqa olmayotgan fuqarolarning oilalariga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Xayriya markazi bilan 1197 qisqa raqamiga har kuni soat 9:00dan 17:00gacha qo‘ng‘iroq qilgan holda bog‘lanish mumkin.

Bundan tashqari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari» telefon raqamlarini ham e'lon qildi. Fuqarolar xayriya mablag‘lari masalasida mana shu raqamlarga bog‘lanishlari kerak.

Xo‘sh, vodiyning uch viloyatida mazkur 1197 telefon raqami orqali ijtimoiy yordam olish imkoni bo‘lyaptimi?

Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumani Yashik qishlog‘ida yashovchi Elmurod Imomov aynan shu mavzuda murojaat qildi.

«Har yili kunlar isigach, Qozog‘iston va Toshkent viloyatiga chiqib ishlab kelar edik. Shu orqali oilamizni tirikchiligi o‘tardi. Koronavirus tufayli yo‘llar berkildi. O‘zimizda karantin tufayli ish yo‘q. Bizga ham ijtimoiy yordam bo‘ladimi? Hokimiyatga rosa ko‘p bordik. Hozir bizning tumanda karantin yanada kuchayib, hokimiyatga ham bora olmay qoldik. Ko‘chalarimizga «blok» qo‘yilgan.  1197 va sizlar tomoningizdan e'lon qilingan boshqa raqamlarga ulanishning ilojisi yo‘q. Raqamga kun bo‘yi tersak ham tushib bo‘lmayapti. Biz nima qilaylik? Kimdan yordam so‘raymiz», deydi u.

Yana bir uchqo‘rg‘onlik fuqaro Mansurjon Ashurov o‘z «Damas» avtomashinasida yo‘lovchi tashib tirikchilik qilishini, karantin tufayli kunlik daromad qila olmayotganini bildirdi.

«Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi xayriya markazining 1197 telefon raqamiga juda ko‘p marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Nega olishmayotganini bilish uchun boshqa raqamlarga ham ulanishga urindim. Biror marta bog‘lana olmadik. Nega ishlamaydigan telefon raqamlarini e'lon qilishadi. Chaqiradi-chaqiradi, lekin birov ko‘tarmaydi. Ishga chiqa olmayapmiz. Menga ham ijtimoiy yordam juda zarur», deydi M. Ashurov.