Inqirozlarning eng dahshatlisi

Bio-iqtisodiy inqirozlarning asosiy xususiyati shundaki, ular o‘tmishdagi qarama-qarshiliklarni, kishilik jamiyatining zaif tomonlarini, kuchlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal etishi, yangi tartib-nizomlar o‘rnatilishini ta'minlashi mumkin. Shuningdek, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq iqtisodiy inqirozlar kechagi kun muammolari qay darajada chuqur ildiz otganini ham ko‘rsatib beradi.

Xitoyning Uhan shahrida aniqlangan yangi turdagi koronavirus epidemiyasi dunyo iqtisodiyotiga ulkan tahdid solmoqda. Avtomobilsozlik, aviakompaniyalar, turizm,  energetika sanoati jiddiy zarar ko‘rdi. Jahon iqtisodiyoti o‘sish prognozlari 2,5 foizdan 1,3 foizga tushdi. Inqiroz tufayli dunyodagi ish joylarining deyarli 80 foizi yopildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, global miqyosdagi ishsizlik darajasi 25 foizga chiqishi, dunyo savdo hajmi esa 35 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Ayni paytda dunyoda qashshoqlik darajasi 50 foizga oshish ehtimoli ham mavjud. Ta'kidlash joizki, ko‘lami va hajmi nuqtayi nazarida olib qaraganda, Covid-19 epidemiyasi natijasida yuzaga kelgan ushbu bio-iqtisodiy inqiroz avvalgi inqirozlarning eng dahshatlisidir.

«Yotib qolguncha otib qol» trendga chiqishi mumkin

Aytish lozimki, epidemiyaning bu qadar jiddiy inqirozni keltirib chiqarishi, unga qarshi himoya mexanizmlari yetarli emasligi o‘tgan davrning iqtisodiy «fantastika»sidan kelib chiqdi. Shu bois, odamlar o‘rtasida birdamlikka raxna soluvchi, kuchlilar tomonidan kuchsizlar ezilishiga yo‘l beruvchi, boy va kambag‘al o‘rtasidagi jarlikni yanada kengaytiruvchi iqtisodiy tizimning tanazzuli haqidagi bahs-munozaralar kelajakda yanada yashovchan, barqaror dunyo yaratish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda.

Albatta, bundan keyin «yotib qolguncha otib qol» qabilidagi ishlar trendga chiqishi mumkin. Ya'ni boshqaruvchi elitalar o‘zlarining imtiyozlarini himoya qilishga harakat qilishadi.

Afsuski, bugun epidemiya keltirib chiqargan salbiy oqibatlarga o‘tmishni so‘roq qilish, ijtimoiy va siyosiy mexanizmlarni tanqidiy baholash nuqtayi nazaridan boqilmayapti. Avvallari global tartib o‘zgarishi tarafdorlarining fikr asosini qayta tiklanadigan energiya, barqaror iqtisodiy o‘sish, ish joylari yaratish, umumiy ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, daromadlarni adolatli taqsimlash kabi tushunchalar tashkil etardi. To‘g‘ri, bu boradagi g‘oyalarni ishlab chiqish va muqobil modellarni taklif qilish muhim ahamiyatga ega, ammo bugungi murakkab vaziyatni o‘nglash uchun bu «ro‘yxat» hali yetarli degani emas.