Vazirlar Mahkamasining “Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining “Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestri” va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimlarini yaratish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Quyidagilar:
“Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestri” axborot tizimini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom;
“Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.
Shunday tartib belgilanadiki, unga ko‘ra:
“Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarining Yagona reyestri” axborot tizimiga nizom jamg‘armasida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushiga ega davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo axborot tizimlari, resurslari shuningdek, boshqa dasturiy mahsulotlari kiritiladi;
davlat organlari va tashkilotlariga Yagona reyestrga kiritilgan idoralararo axborot tizimlarining funksional vazifalarini takrorlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanish taqiqlanadi;
davlat organlari va tashkilotlari idoralararo elektron hamkorlikda elektron hukumatning ma'lumotnomalar, klassifikatorlar va yagona identifikatorlaridan foydalanishga majburdirlar.
Belgilanishicha:
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini shakllantirish va yuritishga vakolatli, operator hisoblanadi.
“UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MChJ Yagona reyestr va “Elektron hukumatning ma'lumotnomalar va klassifikatorlar registri” axborot tizimini texnik ishlashini ta'minlaydi.















