Kun.uz pandemiya va inqiroz mavzusi bilan bog‘liq masalalarga oid suhbatlarni davom ettiradi. Bu gal turizm sohasiga bevosita aloqador bo‘lgan xususiy sektor vakillari – Jonibek Nasriddinov, Mansurjon Rasuljonov va Husan Saibjonov bilan pandemiya davrida yuzaga kelgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z mulohazasini bildirdi.

– Pandemiya va inqiroz davrida ham iqtisodiy jihatdan, ham ijtimoiy munosabatlarning buzilishi jihatidan katta zarbalar turizm sohasiga kelib tushdi. Hozirgi paytda soha qanday choralarni qo‘llashga majbur bo‘lmoqda?

Jonibek Nasriddinov, All Trip kompaniyasi ish yurituvchisi:

– Dunyo turizmida odamlar sayohat qilmayapti. Hozirga kelib, taxminan 3 mlrd nafar odam izolyatsiyada o‘tiribdi. Dunyo turizmida 75 mln.ga yaqin ish o‘rni yo‘qotilgan.

O‘zbekistonning o‘zida ham taxminan 45-50 mingga yaqin bronlar bekor bo‘lgani haqida ma'lumot bor. Bu juda ham yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Turfirmalar endi qanday qilib o‘zini qoplashi kerak, degan savolga javob zarur. Pandemiyadan keyin hozirgi holatdan qanday chiqamiz, degan savol qiynayapti.

2008 yilda bo‘lgan inqirozdan keyin turizm jadal rivojlanib ketgan edi. Lekin 2008 yildagi vaziyat bilan hozirgi holatning farqi bor. Chunki u paytda hamma gap moliyaviy muammolarda edi, hozir esa odamlarning salomatligi haqida gap bormoqda. Har bir aviakompaniya, turim sektori ham mijozlarning sog‘ligi bilan bog‘liq masalalarga ko‘proq e'tibor qaratishi kerak. Davlatlararo turizmni rivojlantirish uchun endi qanday talablar qo‘yilishi bizni o‘ylantiradi.

Jonibek Nasriddinov

– Turizm sohasida ishni birdaniga muzlatib qo‘yish katta moliyaviy, iqtisodiy tebranishlarga olib keladi. Bu jarayonlar sizning faoliyatingizga qanday ta'sir qildi?

Mansurjon Rasuljonov, Vast Travel kompaniyasi direktori:

– Gap shundaki, ish shunchaki to‘xtamadi, balki katta zararlar bilan to‘xtadi. Chunki avvalroq turpaketlar, chiptalar sotib qo‘yilgan, xizmat ko‘rsataman, deb daromadlar olingan. Sotilgan chiptalar 1-2 oy keyinga olingan. O‘rtada valuta kursi o‘zgardi, chiptalarni qaytarish masalasi bor. Kelajakda bu zararlarni qoplash uchun qanday harakat qilish har bir tadbirkorning o‘z mas'uliyati, moliyaviy ahvolini qanday baholagani, jamg‘armasi qanchaga yetishiga bog‘liq. Agar jamg‘armasi yo‘q bo‘lsa yoki jamg‘armasini to‘g‘ri yo‘naltira olmasa, kichikroq tadbirkorlik sub'yektlari, misol uchun, turagentlar sohadan chiqib ketishiga to‘g‘ri keladi.