Insoniyat o‘zi shunaqa, har qanday sharoitda avval noqulaylik his qilsa-da, keyin yana o‘z shakliga, azaliy mavzulariga qaytadi. Bosma nashrlar — internet qarama-qarshiligi bizda xuddi shunday, azaliy mavzu.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z intervyusida bosma nashrlarning davri o‘tgani, matnli axborot shakl almashtirish vaqti kelganini aytishi hamono, unga hujumlar boshlandi: hatto gazetachilikka qarshi bo‘lgan odamlarni ma'naviyatsiz, kitob o‘qimaydigan, madaniy merosimizning dushmani sifatida aks ettirganlar ham bo‘lyapti. Bosma nashrlar o‘ziga xos tarzda qadriyat sifatida namoyon qilinmoqda.

Aslida, bu bahsning o‘z konteksti bor va Komil Allamjonov bosma nashrlar haqida fikr yuritganda ham, unga berilgan javoblarni ham o‘sha kontekst asosida tushunishimiz lozim. Asosiy nuqta gazetaning bir vosita ekani, vosita esa, hech qachon qadriyat bo‘la olmasligidir.

Kun mavzusi: Gazetalar kelajagi bo‘yicha ikki qarash

Tasavvur qiling, yengil avtomashinalar chiqqach, ot aravani qadriyat deb himoya qilmaymiz-ku? Qo‘l telefonlari paydo bo‘lgach, simli telefonlar taqdiridan qayg‘urib, aziyat chekmaymiz-ku? Maqsad bir nuqtadan boshqasiga borish yoki kimdir bilan gaplashish ekan, buni qanday vositalar bilan amalga oshirishimiz muhim qadriyat emasku, to‘g‘rimi?

Bosma nashrlar ma'naviyatga ega chiqib, bor baloni, feyklaru, axloqsizlikni internetga to‘nkashi ham shu qadar mantiqsiz. Ishontirib aytamanki, dunyoni tebratgan butun madaniy-ma'rifiy matnlarni, har qanday buyuk asarni internetdan topsa bo‘ladi. O‘z navbatida, payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni masxara qilib chizilgan karikaturalar gazetada chop etilgan edi.

Aytmoqchimanki, eng muhimi, matnning, asarning mazmuni, uning o‘zidir. O‘quvchiga bu qaysi formatda taqdim etilgani mutlaqo ahamiyatga ega emas.

Boz ustiga, o‘quvchiga tezkor ma'lumotni yetkazishda, elektron shakldagi OAVning bugun har tomonlama ustunlikka ega bo‘layotganini ham tan olishimiz kerak. Chunki, tezkorlik uchun texnik sharoit ham, o‘quvchiga yetib borish shaklida ham, mushtariylar bilan munosabat o‘rnatish imkoniyatlaridan tortib, ma'lumotni taqdim etish formatlarida elektron OAV ancha ustundir. Shuningdek, aynan internet saytlariga zamonaviy boshqaruv ancha erta kirib keldi va ular moliyaviy tomondan o‘zini o‘zi mustaqil ta'minlash yo‘lida ancha qadamlar ham bosib qo‘yishdi.