Vatandoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu turdagi nazariyalar haqida yozayotganiga tez-tez duch kelyapmiz. Ayrimlar: «Bu virus – Eron va Xitoyni kuchsizlantirish uchun AQSh o‘ylab topgan qurol» deb taxmin qilishsa, boshqalar: «Yo‘q, virus bu Xitoyning o‘sib borayotgan aholi sonini keskin kamaytirish borasidagi chorasi bo‘lsa kerak», deyishmoqda.

Yana boshqa skeptiklar esa: «Shubhasiz, bu – Rossiyaning o‘z xalqini saylovlardan chalg‘itish vositasi», deyish bilan ovora.

«Nega shunaqa ekan-a? — Karantin paytida uyda o‘tirgan xonadoshlarimga savol tashladim. — Nega har doim qandaydir musibatli hodisa sodir bo‘lsa, xayolimizga dastlab buni qanday tushunishimiz mumkin, degan emas, balki buni aniq kimdir qilgan degan savol kelar ekan-a?»

Fitna nazariyalari nega tez tarqaladi?

Inson tabiatan atrofidagi unga ta'sir o‘tkazadigan voqea-hodisalarni bilishga juda ishtiyoqmand. Biz atrofimizdagi voqealar sodir bo‘lish sababini turli kuzatish, ishonchli ma'lumot to‘plash va ularni ilmiy tahlil qilish orqali tushuntirib kelamiz. Lekin ba'zan ma'lum voqea-hodisalar tabiatan noaniq, tushuntirilishi murakkab va u haqida ilm hosil qilish biroz vaqt talab qiladi. Aynan shunday noaniq vaziyatlar fitna nazariyalari vujudga kelishi uchun dastlabki zaminni tayyorlaydi.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bunday nazariyalar 2 xil holatda tez tarqaladi: voqea-hodisa jamiyatda inqirozli vaziyat va insonlarda ma'lum qo‘rquv hosil qilganida (masalan terrorchilik xurujlari yoki tezkor siyosiy o‘zgarishlar) va yuzaga kelgan murakkab vaziyat haqida aniq ma'lumot yetishmasdan noaniqlik paydo bo‘lganida.

Ba'zida davlatlar ma'lumotni xalqdan yashirishi noaniq vaziyatni yanada chigallashtirib, insonlardagi shubha kayfiyatini yanada kuchayadi (shuning uchun ham fitna nazariyalari odatda ma'lumotlar nisbatan yopiq davlatlarda vujudga keladi).

Va nihoyat, bunday noaniq va tahdidli vaziyatda aniq ma'lumot yetishmasligidan shubhada turgan odamlar ongi ma'lum bir siyosiy-iqtisodiy agendaga xizmat qiladigan fikr bilan manipulyatsiya qilinishi orqali fitna nazariyasiga aylanadi. Turli-tuman «dalillar» bilan «qadoqlangan» bu nazariyalar endi oddiy xalq iste'moli uchun axborot o‘ta tezlik bilan tarqaladigan media-makonga