Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Karantinga oid choralar amal qilishi davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.
Karantinga oid choralar amal qilishi davrida vaxta usulida ishlashning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, karantin davrida vaxta uslubida ishlash ish koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish choralarini ko‘rish maqsadida xodimlarning yashash joyiga bormasdan, ishdan so‘ng yotoqxona, mehmonxona, konteynerlardan barpo etilgan maxsus turar joy va boshqa yashash joylarda yashashi hamda transportda qatnovi korxona tomonidan tashkillashtirilgan ishlar hisoblanadi.
Vaxta uslubida ishlashning davomiyligi bir oydan oshmasligi kerak. Ushbu muddat karantin davri tugagunga qadar uzaytirilishi mumkin.
Ishlarni vaxta uslubida tashkil qilish haqidagi qaror kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda korxona rahbari tomonidan qabul qilinadi.
Ishlarni vaxta uslubida tashkil etish bilan bog‘liq, lekin mazkur nizomda ko‘zda tutilmagan masalalar amaldagi qonunchilikka muvofiq hal qilinadi.
Vaxta uslubining tashkil etilishi obektlardagi ishlar bir maromda, uzluksiz va kompleks ravishda amalga oshirilishi bo‘yicha o‘zgaruvchan jadvalga binoan bajarilishini ta'minlashi lozim.
Ishlar, qoidaga ko‘ra, ishlarni tashkil etish va mehnatga haq to‘lash prinsiplarini qo‘llagan holda, shuningdek vaxta xodimlari ketma-ket almashinishi va moddiy boyliklar saqlanishini ta'minlash bilan bajarilishi zarur.
Vaxta uslubida bajariladigan ishlarga quyidagilar jalb qilinishi mumkin emas:
18 yoshga to‘lmaganlar;
homilador ayollar;
3 yoshga to‘lmagan farzandlari bo‘lgan ayollar;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq vaxta uslubida ishlashga ruxsat etilmagan shaxslar.
Karantin davrida vaxta uslubida ishlashda ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi munosabati bilan xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday holda xodim sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emas.
















