O‘zbekiston | 14:06 / 08.05.2020
47642
9 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasidagi korrupsiya: davlat qanday choralar ko‘rmoqchi? - Sherzod Hidoyatov bilan suhbat

O‘zbekistonda qurilish sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida tender portali ochilib, qurilish tashkilotlari reytingi tuziladi. Shuningdek, quruvchi tashkilotlar litsenziyalanishi mumkin.

Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlariga yopirilgan tabiiy ofat, Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan texnogen hodisa qurilish sohasidagi korrupsiya va sifat darajasi qandayligini yana bir bor namoyish etdi.

Mavzu dolzarbligidan kelib chiqib, Kun.uz muxbiri sifatsiz qurilishlarga qachon barham berilishi, qurilish sohasida tender savdolari qanday o‘tkazilishiga yana bir bor oydinlik kiritish maqsadida Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov bilan onlayn muloqot qildi.

Qurilish pudratchilarini viloyat rahbarlari belgilab kelgan

– Prezident qurilish muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilishlardan birida tenderlarni elektron tizimga o‘tkazish, ilg‘or davlatlardagi kabi qurilish kompaniyalarining reyting tizimini ishlab chiqish va shu asosda tender o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Bundan avval, 2 yil mobaynida, tender o‘tkazilmasdan, viloyat rahbarlari, ya'ni buyurtmachilar tomonidan pudratchi tashkilotlar belgilangan.

O‘sha yig‘ilishda davlat rahbari qurilish sohasida tendersiz ish olib borilmasligini, aksincha faqat tender orqali ish yuritilishini aytgan. Shundan so‘ng, barcha budjet qurilish obektlari tenderga o‘tkazilgan. Loyihalar tejash, sifat va boshqa jihatlari yuzasidan qaytadan ekspertizadan o‘tkazilib, tenderga qo‘yilgan.

2020 yil avgustida tender portali ishga tushadi

Sherzod Hidoyatov

– Bu yil 100 foiz raqamli tender portalini yaratish ustida ishlar olib borilmoqda. U avgust oyida ishga tushadi.

2021 yilgi ijtimoiy qurilish loyihalari keyingi yil boshiga ushbu portal orqali tenderga qo‘yiladi.

Pudratchini tanlashda reyting inobatga olinadi

– Portalni ishlab chiqishda, Turkiya, Rossiya va Xitoy tajribasi o‘rganildi. Ularda pudrat tashkilotini tanlashda pudratchining ishlari bo‘yicha qo‘ygan narx-navolardan tashqari, uning reytingi ham inobatga olinadi.

Ya'ni qanday ishlar bajargan, qancha ishchisi bor, ularning necha nafari sertifikatlangan mutaxassislar ekani, qancha texnikasi borligi va bajargan ishlarining sifati kabi tamoyillar asosida pudratchi tanlanadi.

Portal faoliyati shaffof bo‘ladi, uning amaliyotidagi har bir bosqichini istagan kishi kuzatishi mumkin bo‘ladi.

Raqamlashtirilish va shaffoflik orqali korrupsiyaning oldi olinadi

– Smeta hujjatlarida qurilish davrida ishlatadigan texnikasidan tortib, qurilish materiallarining narx-navosi, qanaqa mahsulot va material ishlatishi kerakligi, quruvchining ishchilar maoshi hamda yashash sharoitlarini barpo qilish uchun belgilangan «boshqa xarajatlar»ga doir barcha ma'lumotlar kiritiladi.

Buyurtmachilarning «texnadzorlari» (texnik nazorat – tahr.) bo‘ladi. Ular buyurtmachining barcha qurilish obektlariga kira oladi, nazorat, tekshiruv o‘tkaza oladi.

Har bir obektning o‘z buyurtmachisi bor. Viloyat hokimliklari, Maktabgacha ta'lim vazirligi va hokazolarning buyurtmachi-injiniring kompaniyasi bo‘ladi. Ushbu buyurtmachilar tender o‘tkazadi. (Tender bo‘lmagan vaqtda bu qurilish obektlari viloyat hokimi qarori bilan pudratchilarga biriktirilgan). Qurilish ishlarini esa, buyurtmachi aynan shu nazoratchilar orqali tekshiradi.

Korrupsiya aynan qaysi bo‘g‘inda, ya'ni buyurtmachi va nazoratchi yoki nazoratchi va quruvchi orasida bo‘lganini aniq aytib bo‘lmaydi. Lekin unga olib keladigan ishlarga qaralsa, bu istalgan bo‘g‘inda bo‘lishi mumkin. Bu jarayonlar raqamlashtirilib, shaffof qilinsa, korrupsiyaning oldi olinadi.

Qurilish kompaniyalari reytingi 4ta tizim asosida aniqlanadi

– Tenderlar ochiq elektron savdo orqali o‘tkaziladi. Bunda istalgan bir kompaniya yutib ketmaydi, balki reytingi yuqori kompaniyaning tenderni yutib olish imkoniyati yuqori bo‘ladi.

Kompaniyalar reytingi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Qurilish vazirligining tizimidagi ma'lumotlarga asosan shakllantiriladi.

«Qurilish sohasida xizmat ko‘rsatish sohasi yaxshi rivojlanmagan»

Sherzod Hidoyatov qurilish sohasini nazorat qilish tizimiga nima uchun nohukumat tashkilotlar jalb etilmayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, buni shu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish sohasi hali rivojlanmagani va mutaxassislar yo‘qligi bilan izohladi.

Shu bilan birga, prezidentning qurilish sohasidagi nazoratni kuchaytirishga doir imzolagan farmonida Toshkent shahrida 10 obekt tanlab olinib, ularga xususiy buyurtmachilar jalb etilishi belgilangani ta'kidlandi.

«Oshpaz ham quruvchi bo‘lib ketdi»

– Ilgari reyestr bo‘lar edi (qurilish litsenziyalanuvchi faoliyat turi hisoblangan – tahr.). Keyinchalik, bu korrupsiyaga olib kelgani uchun bekor qilindi. Biroq istagan odam – oshpazmi, boshqami, qurilish firma ochib, quruvchi bo‘lib ketdi. Balki tanish-bilishi bo‘lgandir, bir firma kichik-kichik obektlarni olib qurilishni boshlab ketaverdi.

Endilikda reyting, ochiq elektron tender savdolari orqali bu nazoratga olinadi.

Bundan tashqari, qonunchilikni o‘zgartirish bo‘yicha takliflar kiritilgan. Unda qurilish tashkilotlarini litsenziyalash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Qurilishda feedback mexanizmi yo‘lga qo‘yiladimi?

Sherzod Hidoyatovga ko‘ra, feedback – qayta muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda har bir xaridor, ya'ni buyurtmachi ishtirok etadi. Yangi yo‘lga qo‘yilayotgan usulda oxirgi xaridor bevosita xonadonni yoki uyni kelib ko‘radi, yoqtirsagina, bankka borib ipoteka rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

«Qurilishda xufyona iqtisodiyot hajmi juda katta bo‘lgan»

– Qurilish sohasida ishlarning sifatsiz bajarilgani, materiallarning yetarli qo‘llanilmasligi bo‘lgan. Buning asosiy sabablaridan biri – qurilishda xufyona iqtisodiyot hajmi juda katta bo‘lganidadir.

Ochig‘ini aytish kerak, shu vaqtgacha qurilishga jalb qilingan mutaxassislarning 10 foizigina rasmiylashtirilgan. Qolgani bilan naqd hisob-kitob qilingan. Korrupsiya ham aslida shundan paydo bo‘lgan. Aylanmani ham naqd pulda amalga oshiradi, soliqdan qochadi.

«Sardoba» suv ombori qurilishiga ajratilgan 404 mln AQSh dollari nimalarga sarflangan?

– «Sardoba» suv ombori masalasida maxsus komissiya tuzilgan. U prezident nazorati ostida barcha tekshiruvlarni olib boryapti. Suv omborning nafaqat qurilishi, balki loyihasi, uning ekspluatatsiyasigacha bo‘lgan barcha jarayon, qanday material ishlatilgan, nimaga qancha sarflangani ekspertlar tomonidan o‘rganiladi va xulosasi beriladi. Shundan keyingina bu savolga javob berish mumkin bo‘ladi.

P.S.: Shu o‘rinda alohida ta'kidlash joizki, Kun.uz sayti faoliyati davomida shahar va qishloqlarda namunali loyihalar asosida barpo etilayotgan ko‘p qavatli, hovli-joy va kottej ko‘rinishidagi uylarning sifatsizligi bo‘yicha qator tanqidiy chiqishlar qilgan. Bunda «Qishloqqurilishinvest» hamda «Shaharqurilishinvest» tashkilotlari tomonidan qurilgan uylarning sifatsizligi, qurilish ishlarining o‘lda-jo‘ldaligi bot-bot yoritilgan, biroq mutasaddilar kamchilik-nuqsonlarga bartaraf etish o‘rniga ularni xaspo‘shlash, OAVga raddiya berish bilan band bo‘lib kelishdi. Quyida shunday maqolalarning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin. Maqolalarning sanasiga ham e'tibor berishingizni so‘rab qolardik.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid