O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi Shon-sharaf muzeyini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bildirilishicha, davlati rahbari avvalgi chiqishlarida O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ta'kidlagan edi. Shundan so‘ng bu borada katta ilmiy tadqiqotlar qilindi. Ilgari yopiq bo‘lgan tarixiy hujjatlar ham o‘rganildi. Chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar, olimlar bilan hamkorlik natijasida qahramon ajdodlarimiz haqida yangi ma'lumotlar qo‘lga kiritildi.

Shu vaqtga qadar Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistondan 1 million 500 mingga yaqin kishi ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Shuningdek, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.

Yurtda qolgan ayollar, keksalar, yosh bolalar ham chinakam qahramonlik ko‘rsatganlar. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barcha odam halovatdan voz kechib, tinimsiz mehnat qilgan. Respublikadan jang maydonlariga samolyot va tanklar, qurol-yarog‘, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib turilgan.

Minglab urush qatnashchilari O‘zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Yangi aniqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan.

Elimizning bu jasorati, mehr-muruvvat va insonparvarlik fazilatlari hali hamon shon-sharaf maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib kelmoqda. Vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shon-sharaf muzeyida ana shunday shonli tarix o‘z ifodasini topgan. Tarixiy fakt va voqealar zamonaviy texnologiyalar, interaktiv usullar yordamida aks ettirilgan.

Davlat rahbari muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Bu yerdagi eksponatlar Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaga katta hissa qo‘shgan xalqimizning jasoratini tarannum etishga, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini ta'kidladi.