Toshkent shahridagi Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti yaqinida yashayman. Ishim yuzasidan, Kun.uz saytida xayriyalar yoritish uchun ham bu shifoxonaga tez-tez borib turaman. Turfa taqdirlar, bemor bolajonlar, yetishmovchiliklar bu hududda o‘ziga xos og‘ir muhit hosil qilgan va har qanday irodali kishini ham ezib qo‘yadi.

Hayotiy hikoyalar ruknidan

Adhamjon aka (ismlar o‘zgartirilgan) bilan ish yuzasidan, ya'ni xayriya bo‘yicha tanishmadik. Shifoxona yonida ijara uy surishtirayotganini eshitib qoldim. Bo‘sh turgan kvartiram bor edi, taklif qildim, ma'qul keldi va ko‘chib kirishdi.

Adhamjon aka 12 yashar farzandi Anvarjonni davolatish uchun Andijondan kelgan, o‘g‘lini joylashtirganidan keyin boshpana topolmay «Kobalt» mashinasida yotib yurgan ekan. Dastlab ko‘rishganimizda qovoqlari salqib turgani, tushkun kayfiyati sababini charchoqqa yo‘ygandim. Ammo keyinchalik bilsam, o‘g‘lining og‘ir ahvoli tufayli otaning bu holati doimiyga aylanib qolgan ekan. Yuvinib, dam oldi, birgalashib choy ichdik hamki tushkunligi tarqalmadi.

Tabiatan kamgap bo‘lgan Adhamjon aka bilan suhbatimiz dastlab ko‘pam qovushavermadi. Buni tushunish mumkin, o‘g‘lining dardi o‘zini ezib qo‘ygan ota nimani ham gapirardi? Yig‘lab ko‘ngil yozishga erkaklik g‘ururi yo‘l qo‘ymaydi, qarindoshi emasmanki dardini dasturxon qilaversa.

Men ishim bilan ketdim, aka shifoxona yonida qoldi. Keyinchalik tez-tez ko‘rishib turdik. Anvarjonning ahvoli haqida so‘raganimda qisqagina qilib «tuzuk» deb qo‘yardi.

– Moddiy tomondan qiynalgan bo‘lsangiz, xayriya uyushtiraylik, saxovatli insonlar ko‘p, albatta yordam berishadi, – dedim bir kuni ko‘nglini ko‘tarishga urinib.

– Mol-holni sotdik, qarindosh-urug‘lar ham qarashishyapti. Hozircha amallab yetkazyapmiz.

– Shifokorlar nima deyishyapti?

– Sal o‘tib qolgan ekan. Tuzalib qolar, deyishyapti-da...

– Alloh shifosini bersin.

Ikki-uch marta ko‘rishgan bo‘lsak-da, suhbat mazmuni ham, Adhamjon akaning kayfiyati ham aytarli o‘zgarmadi.

* * *

Shivalab yog‘ayotgan yomg‘irli bir kecha edi. Telefonim noxos jiringladi. Adhamjon aka.

– Ukajon, biz qaytadigan bo‘lib qoldik...