Bo‘lib o‘tgan noxush hodisada har ikki tomon bir-birini ayblamoqda. Davlatlar bir-biriga norozilik notasi jo‘natishga ham ulgurdi.
Tojikiston va Qirg‘iziston hukumat va davlat chegaralari vakillari 8 may kuni sodir bo‘lgan otishmadan keyin chegara hududlarda vaziyatni normallashtirish maqsadida muzokara olib bormoqda. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizligi chegara qo‘shinlari matbuot xizmatiga tayanib Aziya-Plyus nashri xabar tarqatgan.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, chegara qo‘shinlari matbuot markazining xabar berishicha, Qirg‘iziston fuqarolari Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Isfara tumanidagi Chorko‘h qishlog‘idagi «Ibodullo Fayzullayev» mahallasiga tegishli hududda mahalliy hokimiyat organlarining roziligisiz 4 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, u yerga ekin ekkan.
Tojikiston tomoni tarqatgan rasmiy bayonotda shunday deyiladi: «Qo‘shni mamlakat fuqarolarining noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish uchun ular ekin ekayotgan yer Tojikistonga tegishli ekanligi to‘g‘risida xabar berildi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston chegarachilari va mahalliy aholiga Tojikiston hududidan chiqib ketish taklif qilindi. Biroq, Qirg‘iziston chegarachilari va aholisi hududni tark etish o‘rniga Botken tumanidagi Oqsoy qishlog‘idagi «Ko‘ktosh» mahallasida yashovchi aholini ham Tojikiston rasmiylariga qarshi gij-gijladi. Oqibatda Qirg‘izistonning o‘nlab fuqarolari chorko‘hliklarga avvaliga tosh otgan, so‘ng ularga o‘qotar qurollardan o‘q uzilgan.
8 may kuni soat 18:10da Botken chegara bo‘limi «Ko‘ktosh» chegara postining 30 nafar harbiy xizmatchisi hamda qirg‘izistonlik 10 nafar politsiya xodimi vaziyatni nazoratga olish o‘rniga, Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan mahalliy aholining provokatsion harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, Tojikistonning tinch aholisiga Kalashnikov avtomatlari va pulemyotlardan o‘q uzdi. Shundan so‘ng Tojikiston chegarachilari o‘zlarini va tinch aholini himoya qilish uchun qarshi tomonga o‘qotar qurollardan o‘q uzishga majbur bo‘ldi», deyiladi tojik tomonining bayonotida.
Tojikiston chegara qo‘shinlari idorasining ma'lum qilishicha, voqea oqibatida Tojikiston fuqarolari, 1983 yilda tug‘ilgan Fozilov Fazliddin va 1971 yilda tug‘ilgan Sharipov Ayyomiddin og‘ir yaralanib, kasalxonaga yotqizilgan.
Notalar almashinuvi, ikki tomon bir-birini ayblamoqda
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi axborot departamenti xabariga ko‘ra, 9 may kuni Tojikistonning Bishkekdagi favqulodda va muxtor elchisi Nazirmad Alizoda chegarada sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan.

















