Xo‘sh, epidemiya sharoitida xorijdagi fuqarolarni mamlakatga qaytarish qanchalik to‘g‘ri? Ushbu masalaning murakkabligi nimada? Bu borada boshqa davlatlar qanday yo‘l tutmoqda?
Quyida shu kabi savollarga oydinlik kiritiladi.
Boshqa mamlakatlar qanday yo‘l tutmoqda?
Koronavirus epidemiyasi sabab ko‘plab mamlakatlar xorijdagi fuqarolarini o‘z uylariga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda. Masalan, Turkiya 5 may holatiga ko‘ra, havo yo‘li orqali 103 mamlakatdan 65 mingdan ortiq fuqarosini vatanga qaytargan.
Ruslar ham Gosuslug portalida maxsus shaklni to‘ldirish orqali vatanga qaytishmoqda. Ularning yurtga qaytishi faqat Sheremetevo aeroporti orqali amalga oshirilmoqda. Mazkur mamlakatda yo‘lovchilar soni kuniga 500 kishidan oshmasligi kerakligi belgilab qo‘yildi. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ta'kidlashicha, ushbu qaror ikki sababga ko‘ra qabul qilingan. Birinchidan, mazkur holat vataniga qaytish istagini bildirgan odamlar ro‘yxatini shakllantirish bilan, ikkinchidan, chet eldan qaytib kelgan ruslarni qabul qilish punktlarining imkoniyatlari cheklangani bilan bog‘liq.
Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar ham epidemiya boshlangandan beri charter reyslar yordamida 520 mingga yaqin kishini Yevropaga qaytardi.
AQSh esa 13 may holatiga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida 132 mamlakat va hududlardan 900ta reys tashkil qilish orqali jami 86 ming 576 nafar amerikalikni o‘z vatanga qaytarishga ulgurgan.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh hukumati tomonidan amalga oshirilgan har bir reysga o‘rtacha 96 nafar fuqaro to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu mamlakat tomonidan muayyan bir hududga bittadan 84tagacha reys yo‘lga qo‘yilgan.
Masalaning murakkab tomonlari nimada?
Albatta, epidemiya sharoitida xorijdagi fuqarolarni qaytarish masalasining har bir mamlakat uchun o‘ziga xos murakkab jihatlari mavjud.
Birinchidan, epidemiya davrida dunyo miqyosida havo yo‘llari sohasida umumiy qisqarish va cheklovlar kuzatilayotgan ayni paytda bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga reyslar tashkil qilish muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi, ma'lum tashkiliy jarayonlarni talab qilishi aniq. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekiston TIV, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi va transport vazirligidan odatdagidan ko‘ra faol bo‘lishni, uyushgan holda – ish birligi asosida faoliyat olib borishni taqozo qiladi.

















