Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasi bo‘lim mudiri vazifasida ishlagan shifokor ustidan jinoiy ish ochilgach, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bu qarorni asossiz deb hisoblab, Bosh prokurorga murojaat yo‘llagan edi.
Ma'lum bo‘lishicha, Bosh prokuratura ushbu jinoyat ishini bekor qilgan. Bu haqda 18 may kuni SSV Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev xabar qildi.
«Bugun ushbu murojaat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan javob xati keldi. Unda qayd etilishicha, Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganish jarayonida X.D.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, sinchkovlik bilan o‘tkazilmasdan, barcha holatlar to‘liq tekshirilmasdan, shoshma-shosharlik bilan barvaqt jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini aniqlagan.
Shunga ko‘ra, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror Bosh prokuratura tomonidan bekor qilingan», deyiladi xabarda.
Ayblov
Shifokor tergovga tortilgani haqida 13 may kuni xabar qilingan edi.
Viloyat prokuraturasi bergan ma'lumotga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri vazifasida ishlab kelgan X.D.ning sog‘ligida 20 apreldan o‘zgarish boshlangan: u o‘zida yo‘tal, tana haroratining 39°S gacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi Covid-19 belgilarini his qilgani holda shu kundan uy sharoitida davolana boshlagan.
«X.D. shifokor bo‘la turib o‘zi koronavirus infeksiyasi kasalligiga chalinganini gumon qilgan bo‘lsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 20 apreldan 27 aprelga qadar tegishli tartibda tez tibbiy yordamga murojaat qilmasdan, uy sharoitida o‘zboshimchalik bilan, yashirincha o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarni qo‘pol ravishda buzgan.
Oqibatda, X.D. belgilangan tartibda o‘zini va boshqalarni himoyalash, kasallik yuqtirmaslik choralarini ko‘rmasdan, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolab kelgan bemor va hamkasblaridan iborat jami 11 nafar kishiga, shuningdek ular orqali yana 23 kishiga o‘ta xavfli bo‘lgan yuqumli kasallikni yuqtirib, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini hamda borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni qasddan yashirib, jami 34 nafar kishi Covid-19 infeksiyasi bilan kasallanishiga sababchi bo‘lgan», – deyilgan edi viloyat prokuraturasi axborotida.
















