Bundan tashqari, AQShning oziq-ovqat va farmatsevtika vositalari sifatini nazorat qiluvchi idorasi (FDA) aprel oyida koronavirusga qarshi kurashda gidroksixloroxinning xavfsizligi va samaradorligi to‘g‘risida dalillar mavjud emasligi to‘g‘risida tavsiyalar bergandi. 

Ushbu preparat yordamida Covid-19 kasalligining oldini olishga kelsak, hozirgi vaqtda gidroksixloroxin yoki shunga o‘xshash dorilar koronavirus infeksiyasi oldini olish imkoniga egaligi haqida ishonchli dalillar yo‘q, vaholanki bu yo‘nalishda klinik tadqiqotlar bir qator mamlakatlarda, xususan AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Xitoyda olib borilmoqda. 

Gidroksixloroxin nima va u nima uchun ishlatiladi?

Tramp koronavirusga chalinishning oldini olish uchun bezgakni davolashga mo‘ljallangan preparat - gidroksixlorin qabul qilayotganini ma'lum qildi.

Gidroksixloroxin preparati xloroxinning nisbatan so‘nggi va kamroq toksik ta'sirga ega talqini, u viruslarga va yallig‘lanishga qarshi kuchliroq ta'sirga ega. 

Xloroxin odatda bezgak, ba'zi protozoal (tanada bo‘linish orqali ko‘payuvchi) infeksiyalar, revmatoid artrit va qizil silni davolash uchun buyuriladi.

Ushbu dorilarning ikkisi ham kardiotoksik xususiyatga ega va ayniqsa yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolarga ega bemorlarda aritmiya va taxikardiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin — bu haqda FDA ogohlantirgan va bu bildirish ushbu ikki dori vositasidan Covid-19'ni ambulator sharoitda davolashda yoki klinik tadqiqotlarda foydalanish bilan bog‘liq xabarlar asnosida yangragan.

AQShda veteranlar kasalxonasining 368 bemorida o‘tkazilgan klinik sinovga ko‘ra, gidroksixoroxinni qabul qilgan Covid-19 bemorlarida o‘lim darajasi standart davolanish kursini olganlardan yuqori bo‘lgan.

Viruslarga qarshi moddalarni tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro jamiyat vitse-prezidenti, professor Ketrin Seli-Radtke ham xloroxinga uning Covid-19'ni davolashdagi samaradorligi to‘g‘risida dalillar bo‘lmay turib juda katta e'tibor berilayotganini ta'kidladi. 

«Eng muhimi, bu xavfli nojo‘ya ta'sirga olib kelishi va odamlarga noto‘g‘ri umid bag‘ishlashi mumkin», deb yozadi professor sciencealert.com saytida. 

Nega bir qator mamlakatlarda bezgakka qarshi vositalardan Covid-19'ni davolashda qo‘llanilmoqda?