Mahalliy hukumat ma'lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha 37 kishining jasadi topilgan, ammo qurbonlar soni samolyot yo‘lovchilari hisobiga ham, samolyot qulagan turar joylarda yashaganlar hisobiga ham ortishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, kamida ikki yo‘lovchi tirik qolgan. Ular kasalxonaga yotqizilgan, olingan jarohatlarning og‘irlik darajasi haqida xabar berilmagan. Ayni paytda halokat joyida qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Samolyot qulagan hududda yashovchi bir kishi ham kasalxonaga yotqizilgan.

Pokiston davlat kanallarida samolyot shaharning aholi uylari joylashgan qismiga qulayotgani tasvirlari namoyish etildi.

 

Hodisa sababi hozircha ma'lum emas. Pakistan International Airlines rahbari, aviatsiya vitse-marshali Arshad Malik uchuvchi dispetcherlarga texnik nosozlik haqida xabar berganini ma'lum qildi.

«Samolyot Karachi hududiga qulagan. Biz yo‘lovchilar soniga aniqlik kiritishga harakat qilmoqdamiz», degan fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasining hududiy bo‘limi rahbari Abdul Sattor Kahhor. U samolyot Karachiga Lohurdan kelayotgan bo‘lganini ma'lum qilgan.

Bundan avvalroq samolyot bortida 107 kishi bo‘lgani xabar qilingandi, ammo keyin raqamlarga aniqlik kiritildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bortda jami 99 kishi - 91 yo‘lovchi va ekipajning 8 a'zosi bo‘lgan.

Dunya News nashri uchuvchining dispetcher bilan so‘zlashuvi tafsilotlarini e'lon qildi. 

Unga ko‘ra, uchuvchi ikki dvigatel ishdan chiqqani haqida ma'lum qilgan, aloqa uzilgach uch marta signal bergan.

Pokiston bosh vaziri Imron Xon fojia bo‘yicha tekshiruvlar boshlanganini ma'lum qilgan.

Hukumat bir necha kun oldin aviaqatnovlar tiklanishiga ruxsat bergandi.