Prezidentning “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligining:

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklidagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sag‘bon ko‘chasi manzilida tashkil etish;

Majmua hududida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli, Mudofaa vazirligi Harbiy orkestrlar xizmatini bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirish;

Majmua huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Quyidagilar Majmuaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

Ikkinchi jahon urushi janglarida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunasini ko‘rsatgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta'minlashga qo‘shgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish;

O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini ilmiy asosda o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish;

O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, front ortidagi mehnat qahramonliklari, yurtimizga evakuatsiya va deportatsiya qilingan turli millat vakillari, xususan, bolalarning bag‘rikenglik bilan kutib olinishi singari tarixiy voqealarni aks ettirish orqali yosh avlodni g‘oyaviy chiniqishini shakllantirish va keksa avlod bilan ruhiy bog‘liqlikni kuchaytirish, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash;

aholining tarix bilan hamnafas bo‘lib, o‘tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, shuningdek, mazmunli dam olishi bilan bog‘liq ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish;