Kompaniya xabariga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad – aholi va avtomobil sanoati korxonalari ishchilarining turar joyga ehtiyojini qondirish va yangi ish o‘rinlari yaratishdir.

Turar-joy majmuasi qurilishi 98 mln dollarga baholangan.

«Majmua qurilishida 7 700 kishi ishtirok etadi. Tayyor turar joylar esa 5 000 oilani uy bilan ta'minlaydi, bu – kichikroq aholi punkti aholisiga tengdir», – deyiladi xabarda.

Ma'lum bo‘lishicha, majmua Asaka tumanidagi Chek mahallasida, 45 gektar maydonda joylashadi.

Jami 4631ta xonadonli 71ta ko‘p qavatli turar joydan tashqari, majmua tarkibiga 2ta maktabgacha ta'lim muassasasi (320 o‘ringa), 1500 o‘rinli maktab, 250 o‘rinli shifoxona, bog‘, 10 000 kvadrat metr maydonga ega savdo markazi va boshqa obektlar kiradi.

Ta'kidlanishicha, yangi uylar va binolar qurilishi «eng ilg‘or zamonaviy qurilish texnologiyalariga asoslangan va odatiy uylardan tejamkorligi hamda energosamaradorligi bilan» ajralib turadi.

Asakada qurilish materiallari zavodi va 4ta korxona ham quriladi

Xabarda aytilishicha, «O‘zavtosanoat» loyihani amalga oshirish maqsadida va import o‘rnini bosish tendensiyasini e'tiborga olib, sanoat chiqindilarini qayta ishlashga va majmuaning sifatli qurilishini ta'minlashga qaratilgan, qiymati 20 mln. dollarlik loyihalarni ham amalga oshirmoqda.

Qurilishi 2020 yil 3-choragiga rejalangan, zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar asosida qurilish materiallari va jihozlar ishlab chiqarish zavodi ham Asaka tumanida joy oladi.

Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot «Asaka City» majmuasi qurilishida ishlatiladi, bu binolar tannarxini kamaytirish va aholini qo‘shimcha ish o‘rinlari bilan ta'minlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, mahsulotning bir qismini ichki va tashqi bozorlarda sotish rejalashtirilgan.

Korxonada MDF va metalldan eshiklar, zinalar uchun panjaralar, polistirolbeton va gipsdan bloklar, lok-bo‘yoq mahsulotlari, beton konstruksiyalari va boshqa qurilish materiallarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan, kelgusida ular «Asaka City» majmuasi qurilishida ishlatiladi.