
Braziliyada kasallanish holatlari soni 400 mingga yaqinlashgan, mamlakat kasallanish darajasi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Meksika, Chili va Peruda ham Covid-19’dan zararlanish holatlari yuqori tezlikda o‘smoqda.
Mintaqada ilk holat 26 fevral kuni Braziliyada qayd etilgandi va tez orada kasallik butun qit'aga yoyildi. Ayni vaqtga kelib Lotin Amerikada kasallanish holatlari soni 750 mingdan oshgan, 40 mingdan ortiq bemor vafot etgan.
Hozircha kasallikdan o‘lim darajasi Yevropa va AQShdagidan ko‘ra pastroq, ammo ekspertlar bu hududlarda aholini test qilish darajasi past bo‘lgani tufayli barcha o‘lim holatlari qayd etilmayotganini aytishmoqda.
Eng yuqori o‘lim darajasi aholi nisbatan eng zich bo‘lgan hududlarda - Meksika (8 mingdan ortiq) va Braziliyada (24 mingdan ortiq) qayd etilmoqda.
Shu bilan birgalikda, ayni vaqtda AQSh va Yevropa davlatlarida kunlik o‘limlar soni pasaymoqda, Lotin Amerikasida esa kunlik o‘limlar soni kundan kunga ortmoqda.

Braziliya, Meksika va Peruda har ikki-uch haftada o‘limlar soni ikki barobarga ko‘paymoqda.
Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Karissa Eten «bu mintaqa pandemiya markaziga aylanganiga hech qanday shubha qolmagani» haqida gapirdi.
Ekspertlar Lotin Amerikasida epidemiya o‘z cho‘qqisidan hali o‘tmaganini qayd etishmoqda.
Bu vaqtda Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining pandemiyadan katta zarar ko‘rgan davlatlari uchun 750 mlrd yevro ajratishga qaror qildi.
Pandemiya tufayli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz YeIning barcha 27 a'zo-davlatiga ta'sir qildi, ammo ayrim davlatlarda epidemiyagacha ham ishlar yaxshi emasdi va ularning tashqi qarzlari sezilarli darajada o‘sib ketdi.
Asosiy yordam paketlari pandemiya tufayli eng ko‘p jabr ko‘rgan Italiya va Ispaniyaga ajratiladi.



















