Tabiat ham qo‘l qovushtirib turgani yo‘q: inson to‘pponchadan o‘q uzsa, u zambarak bilan javob qaytaryapti.  

Ortda qolayotgan hafta boshida Jyenevada o‘tkazilgan virtual matbuot anjumanida BMT Jahon meteorologik tashkiloti (WMO) vakili Klare Nullis yil boshidan beri olinayotgan o‘lchov natijalariga asoslangan holda, 2020 yilda shimoliy yarimsharda harorat rekord darajaga ko‘tarilishi mumkinligini aytdi.

U koronavirus epidemiyasi bu bo‘yicha profilaktika choralarini ko‘rishni qiyinlashtirishini ta'kidlar ekan, aholi punktlari va odamlarni himoya qilish zarurligini aytdi. Haddan tashqari yuqori haroratga tayyor turish kerakligi haqida ogohlantirdi.

Issiqdan himoyalanish uchun qanday tavsiyalar berildi?

WMO’ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali tarqatilgan chora-tadbirlar to‘plamida quyidagi tavsiyalar berildi:

  • tashqarida issiqdan asrovchi soyabonli bosh kiyimda yurish;
  • yetarli miqdorda suv ichish;
  • bilaklarni sovuq suv bilan ishqalab yuvish;
  • oyoqlarda qon aylanishini tezlashtirish uchun spirt bilan massaj qilish;
  • peshona va yelkaga muz kompresslarini qo‘yish;
  • elektr jihozlari va sun'iy yoritish yoki boshqa har qanday issiqlik manbasi bo‘lgan vositalarni o‘chirib qo‘yish.

Internetda e'lon qilingan ushbu ma'lumotnomada Covid-19 xavfini oshirmagan holda ehtiyot choralarini ko‘rish lozimligi, chunki issiq havo insonlar sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi alohida ta'kidlangan.

Shuningdek, epidemiya sharoitida yuqori harorat bilan bog‘liq kasalliklar va o‘limlar sonini kamaytirish uchun yangi harakatlar rejasi tuzish, favqulodda yordam olish uchun yangi aloqa kanallarini yaratish zarurligi qayd etilgan.

Global isish dunyo xaritasini qanday o‘zgartirmoqda?

Bugungi kunda shimoliy yarimshardagi muzlar shiddat bilan erishda davom etmoqda. Afsuski, buni hech kim to‘xtata olmayapti. Xo‘sh, ahvol shunday davom etsa, ertaga insoniyatni nimalar kutmoqda?

Kristian Aid tomonidan nashr etilgan hisobot global isish natijalari insoniyatga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Agar barcha muzliklar erib ketsa, dengiz suvi o‘rtacha 65 metrga qadar ko‘tariladi. Bu esa dengiz sathiga yaqin quruqliklarning suvga g‘arq bo‘lishini anglatadi.