«Kecha ro‘y bergan holat yurtimizga yarashmaydi. Prezidentimiz qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘lini tanlamoqda.

Muhtaram prezidentimiz topshirig‘i bo‘yicha keldik. Muammolar talaygina. O‘tgan yili ham Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasini qo‘ygandik. Ikki kun ishladi, keyin yopildi.

Bugun buning uchun Qirg‘iziston delegatsiyasi rahbari (Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov - tahr.) uzr so‘radi. Ular Yevroosiyo ittifoqiga a'zo bo‘lgani uchun, ularning talabi bilan yopishga majbur bo‘lgan. Xabaringlar bor, O‘zbekiston ham ittifoqqa kuzatuvchi sifatida a'zo bo‘lyapti. Kuzatuvchi ham hamma huquqlarga ega bo‘ladi.

Bugun biz Qirg‘iziston tomoniga birinchi bo‘lib Rishton-So‘x yo‘lini qisqa muddatda ochish masalasini qo‘ydik. Bu degani Farg‘onaga olib boruvchi yo‘l 80 kilometrga qisqaradi. Endi u davlat rahbariga borib aytadi.

Men ham prezidentga bu yerdagi gaplar bo‘yicha hisobot beraman. Barcha takliflarni mujassam qilib prezidentimizga kiritamiz. Muhtaram prezidentimiz shu hafta Farg‘onaga keladilar. Sizlarning oldilaringizga mening o‘rinbosarlarim keladi... bu yerda ko‘p muammolar bor ekan... birinchi navbatda yo‘llar masalasi yomon ekan.

Bu masalani shunday hal qilamiz: migratsiyaga keta olmagan yosh yigitlarimiz ko‘p. Shulardan brigadalar tuziladi, oylik to‘lanadi, qurilish materiallari beriladi, o‘zlaring qurasizlar, talab bitta, sifatli bo‘lsin.

Ikkinchi masala, Qirg‘iziston hududidagi yaylovlardan foydalanish masalasi. Bu masalani ham qo‘ydik. Qirg‘iziston tomoni bu masalani ham qisqa muddatda hal qilishga va'da berdi. Yana gaplashamiz.

Keyingi masala Chashma buloq masalasi. U chashma bu mo‘jiza, insonlarga yaratgan egam tomonidan berilgan ne'mat. Shuning uchun, bu muqaddas chashmadan ham bizning fuqarolar, ham qo‘shni respublika fuqarolari foydalanishga haqqi bor. Bu joyni chiroyli hududga aylantiramiz. Undan hamma birdek foydalanadi. Suvda kimdir cho‘milmasligi uchun panjara bilan chiroyli qilib o‘rab qo‘yamiz. Uni tozalash kerak bo‘lganda, O‘zbekistondan uch, Qirg‘izistondan uch vakil kirib qaraydi.

Shu haftada o‘rinbosarlarim kelib So‘xdagi ijtimoiy masalalarni o‘rganib, hal qilishadi. Men kasalxonaga bordim, ko‘p uskunalar yo‘q ekan. Sog‘liqni saqlash vaziriga topshiriq berdim, zamonaviy uskunalar olib kelinadi», degan bosh vazir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda aholi vakillari mahalliy rahbarlar faoliyatidan norozilik bildirishgan. Bosh vazir bu masala ham ko‘rib chiqilishi, bu bo‘yicha ortiqcha bosim o‘tkazmaslikni so‘ragan.