The New York Times`ning yozishicha, AQSh Oromgohlar assotsiatsiyasi va YMCA xalqaro yoshlar tashkiloti yozgi oromgohlar uchun yangi yo‘riqnomalar ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, oromgohlarning ochilish-ochilmasligi shtatlar va mahalliy hokimiyat tavsiyasi bilan hal qilinadi. Bunda o‘sha hududdagi aholi orasida koronavirus qay darajada tarqalgani ham e'tiborga olinadi.

Bu esa mamlakatning ba'zi qismlarida oromgohlar ochilishi imkonsiz ekanini ko‘rsatadi. Bu holatda ko‘pgina oromgohlar virtual tarzda ish boshlashni maqsad qilgan. Ular turli ijtimoiy tadbirlar, hunarmandchilik mashg‘ulotlari va jismoniy mashqlarni masofaviy tarzda o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishyapti.

Albatta, bunda bolalarda sayr qilish va cho‘milish imkoni bo‘lmaydi. Agar uy tashqarisida Wi-Fi bo‘lmasa, ular qo‘llaridagi qurilma bilan tashqariga ham chiqa olmasliklari mumkin.

Shunday vaziyatda ham virtual oromgohlar bolalarni xursand kayfiyatda va faol bo‘lishini ta'minlay olishi yoki olmasligi, ishlaydigan ota-onalarning bolalariga yetarli parvarish bera olish-olmasligi so‘roq ostida qolmoqda.

Ko‘plab ota-onalar bularni ilojsiz deb hisoblayapti. Ogasta shahrida yashovchi 3 nafar farzandning onasi Rebekka Alvin ham shunday fikrda. U bolalari ekran boshqaruvida ortiq vaqt sarflashga ehtiyoj yo‘qligini, bu yozda ham, bundan keyin ham onlayn oromgohlarga bormasliklarini ta'kidlaydi.

Ota-onalarning onlayn oromgohlarga ishonch bildirmayotganlariga turli sabablar bor. Masalan, ko‘pchilik bolalarining bahorda ekran qarshisida juda ko‘p vaqt sarflab bo‘lishganini aytmoqda.

«2 oydan oshiq vaqt mobaynida onlayn maktab mashg‘ulotlarida qatnashgan bolalarim uchun kontent qanchalik qiziq bo‘lishidan qat'i nazar, yoz ham kompyuterga bog‘liq bo‘lishini xohlamayman. Yaxshisi ularga ko‘chada o‘ynashga ruxsat beraman», – deydi evanstonlik 10, 8 va 5 yoshli bolalarning onasi Kira Kollins.

Ko‘plab ota-onalar bolalar vaqtining asosiy qismini ichkarida sarflashi mo‘ljallanayotgan yozgi oromgohlarga shubha bilan qarashyapti.

«Mening bolam tashqarida bo‘lishi kerak», deb hisoblaydi 6 yoshli bolaning onasi Shennon Bresher Shi. Nyu-Yorkda yashovchi 4 yoshli bolakayning onasi Sandra Albrext esa o‘zining bog‘cha yoshidagi bolasiga kompyuter yonida o‘tirish emas, ko‘proq jismoniy harakat qilish muhimligini ta'kidlaydi.

Ko‘pchilik oromgohlar toza havoda bajariladigan mashg‘ulotlarni o‘z jadvallariga kiritayotgan bo‘lishsa-da, buning qanday qilib amalga oshirilishini tushunish qiyin. Chunki tashqariga chiqish – kompyuterni o‘chirish demakdir.