Tuman hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, eksklav hududni viloyat markazi – Farg‘ona shahri bilan havo yo‘llari orqali bog‘lash imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
«Tumandagi eski aerodromni qayta ta'mirlab, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham davlatimiz rahbarining e'tiborida», – deyiladi rasmiy press-relizda.
31 may kuni Qirg‘iziston bilan chegaradagi Chashma bulog‘ida ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida nizo kelib chiqqach, 1 iyun kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Botken viloyatida qirg‘izistonlik hamkasbi Qubatbek Boronov bilan uchrashdi.
Shundan so‘ng, 2-3 iyun kunlari Bosh vazir o‘rinbosarlari va qator vazirlar So‘x tumanida bo‘lib, tumanni kompleks rivojlantirish bo‘yicha manzilli dastur loyihasini ishlab chiqdi.

Shunga asosan hozirda So‘xni obod tumanga aylantirish uchun 1 trln so‘m ajratilishini ko‘zda tutuvchi prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda.
Yo‘llar, zavod va ish o‘rinlari. So‘xni rivojlantirish uchun 1 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratiladi
3 iyun kungi yig‘ilishda ta'kidlanishicha, hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd so‘m bo‘lgan 73ta loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Banklar ko‘magida 82 loyiha amalga oshirilib, buning uchun birgina So‘x tumani uchun 153 mlrd so‘m kredit yo‘naltiriladi.

Tumanda sement zavodi qurish taklifi o‘rtaga tashlangan.
3ta dam olish maskani, 6ta kichik sanoat hududi tashkil etilishi belgilandi.

















