O‘zbekiston | 09:17 / 06.06.2020
22924
2 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarni saylash haqidagi petitsiya 10 mingdan ortiq ovoz to‘pladi

Elektron jamoaviy murojaat jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo‘llab-quvvatlanganda u tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etish haqidagi petitsiya Mening Fikrim portalida 10 mingdan ortiq ovoz yig‘di, endi u parlamentga topshirilishi kerak.

Petitsiya muallifining yozishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta'minlash davlat xizmatchilarining fidoiyligi, shijoati, bilimi va xalq bilan ishlay olish ko‘nikmasiga bog‘liq.

“Bu borada, ayniqsa, tuman hokimlarining mas'uliyati va majburiyatlari juda yuqori. Shu sababli, shahar va tuman hokimlarini xalq tomonidan saylash amaliyotini tezroq joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ijtimoiy tarmoqlardan ma'lumki, hozirda ko‘plab hokimlarga nisbatan aholining norozilik kayfiyati mavjud. Shu tufayli, hududlarda aholini boshqaradigan hokimlarni xalqning o‘zi tanlashi va saylash amaliyotini joriy etish zarur.

Shundagina hokimlarimiz xalq dardini eshitadi, u bilan birga ishlaydi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan berilayotgan vazifa va topshiriqlarini bajarishda ham chin dildan harakat qiladi”, - deyiladi murojaatda.

Petitsiyada aytilishicha, har bir tuman yoki shahardan belgilangan miqdorda nomzod tanlab, ularning eng ma'qulini saylov o‘tkazish yo‘li bilan saylash kerak. Saylangan hokim ishini baholashni esa yana o‘sha xalq zimmasida qoldirish maqsadga muvofiq. Bu borada alohida qonun hujjatini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish zarur.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etishni taklif qilamiz”, - deya yakunlangan murojaat.

Eslatib o‘tamiz, elektron jamoaviy murojaat jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo‘llab-quvvatlanganda u tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid