O‘zbekiston | 00:11 / 11.06.2020
262669
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ishlab chiqariladigan avtomobillarning taxminiy narxi ma'lum qilindi

Oshan brendi ostida ishlab chiqariladigan avtomobillar narxi taxminan 13 ming dollardan 30 ming dollargacha bo‘lishi kutilmoqda.

Oushan X7 / Foto: Wikipedia

«Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida avtomobil zavodi qurish ishlari jadal davom etmoqda. Bu haqda «Navoiy Motors» qo‘shma korxonasi rahbari Sherzod Mo‘minovga asoslanib, Navoiy Today xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, qiymati 12 mln dollarga teng loyiha Xitoyning «Oshan» brendi ostidagi avtomobillarni yig‘ish va ichki bozorga chiqarishni nazarda tutadi.

2020 yil oxirigacha avtomobillar yig‘ish va sotish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.

«Avtomobillar narxi taxminan 13 ming AQSh dollaridan 30 ming AQSh dollarigacha bo‘lishi kutilmoqda», – degan Sherzod Mo‘minov.

Xabarda «Navoiy Motors» – O‘zbekiston-Avstriya qo‘shma korxonasi ekani aytilgan. O‘tgan oyda O‘zA korxona bosh texnologi Afshin Shokiriyga tayangan holda, zavod O‘zbekiston-Eron hamkorligida qurilayotgani haqida xabar bergandi.

Yangi zavodda yo‘ltanlamas, pikap, miniven kabi kuzovli avtomobillar ishlab chiqarilishi ma'lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, «Jizzax» EIZda «Folksvagen Grup Rus» konserni bilan hamkorlikda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zbekistonda Volkswagen avtomobillari sotuvi iyul oyidan boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, «Qo‘qon» EIZda Xitoy bilan hamkorlikda 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab elektromobillar ishlab chiqarish boshlanishi belgilangan.

Qo‘qonda ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘lishi e'lon qilingan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid