O‘zbekiston | 13:22 / 11.06.2020
36347
4 daqiqa o‘qiladi

Svetlana Ortiqova: «Eri davlat xizmatchisi bo‘lsa, nega ayoli ta'sischi bo‘lmasligi kerak?»

Adliya vaziri o‘rinbosari va bosh prokuror o‘rinbosari davlat fuqarolik xizmatchilari va ular oila a'zolarining ta'sischilik faoliyati to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

Arxiv foto: KUN.UZ

Adliya vazirligida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda OAV vakillari ko‘plab savollar bilan adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov va bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga murojaat qilishdi.

OAV vakillari orasida davlat fuqarolik xizmatchilari va ular oila a'zolarining ta'sischilik faoliyati to‘g‘risida savol yangradi.

– Jahon tajribasi haqida gapirganda yaqin o‘tmishda bo‘lgan bir voqeani eslamoqchi edim. Moskva shahar meri bo‘lgan (marhum – tahr.) Yuriy Lujkovning xotini ta'sischi bo‘lgan. E'tibor bering, ishlamagan, ta'sischi bo‘lgan korxonalar eri hokim bo‘lgan vaqtda bir necha milliard dollar pul orttirdi. Lekin eri ishdan bo‘shagach, u ayolning tadbirkorlik qobiliyati ham yo‘qolib qoldi. To‘g‘ri, qonunlarimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas deb yozilgan (davlat xizmatchisi nazarda tutilmoqda), lekin yangi qonunda ta'sischi degan so‘zni kiritish kerak emasmikan? Ishlash emas, boshqaruvda qatnashish emas, aynan ta'sischi bo‘lish mumkin emas, degan bandni.

Bu savolga avvalo adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov javob berdi: 

«Hozir internetda qaysi korxonaning ta'sischisi kim ekani haqida tezda bilib olish mumkin. Buni nazorat qilish uchun esa korxonalar ham ta'sischilar haqida ma'lumotlarni yashirmasligi kerak. Agar biz ta'sischilik qilolmaydi degan bilan uni nazorat qilolmasak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Masalan, qimmatli qog‘ozlar sotib olishga cheklov qo‘yadigan bo‘lsak, bu to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Chunki uni ochiq bozordan sotib oladi. Agar bilsangiz, «Jamoat fondlari to‘g‘risida»gi qonunda yaxshi normalar yozilgan. Bular xalqaro tajribadan olingan normalar. Ularga ko‘ra, aksiya sotib olishi mumkin (davlat xizmatchisi nazarda tutilmoqda), chunki u fond bozoridan oladi. Ammo MChJda ishtirok eta olmaydi, chunki bunda boshqa manfaat ketib qoladi», dedi adliya vaziri o‘rinbosari.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova shunday qo‘shimcha qildi: 

«Davlat xizmatchisining boshqa oila a'zolari kamsitilmasligi kerak. Ularning ham huquqi bor. Lekin korrupsiya alomatlari bo‘lmasligi kerak. Korrupsiya to‘g‘risida qonun bor, deklaratsiya ishlaydi, reyestr bo‘ladi kim bo‘lishi mumkin, kim bo‘lolmasligi haqida. Agar eri davlat fuqarolik xizmatchisi bo‘lsa, ayoliga nega ruxsat bermaslik kerak ta'sischi bo‘lishga? Faqat korrupsiya alomati bo‘lmasligi kerak. Bu uchun barcha faoliyat shaffof bo‘lishi kerak. Ammo to‘g‘risini aytish kerak, sizning gapingizda jon bor, rahmat», deb qo‘shimcha qildi Svetlana Ortiqova.

Mavzuga oid