Bu boradagi turkum suhbatlarimiz doirasida Yaman davlatida faoliyat yuritayotgan yana bir shifokor, akusher-ginekolog Irina Kan bilan bog‘lanib, suhbat tashkil etdik.

– Assalomu alaykum Irina opa, sizga O‘zbekistondan salom! An'anamizga muvofiq, dastlab o‘zingiz to‘g‘ringizda ma'lumot bersangiz.

– Vaalaykum assalom. O‘zbekistonga mening ham sog‘inchli salomlarim. Vatanimni shu qadar sog‘indimki... Men 1992 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini akusher-ginekolog mutaxassisligi bilan tugallaganman. Olgan bilimim, ishga ishtiyoqim ma'qul bo‘lgan shekilli – klinikaning o‘zida ishlab qolganman.

Biz test tizimi asosida o‘qimaganmiz. To‘g‘risini aytsam, men shu tizimning tanqidchilaridan biriman. Sababi, tibbiyotga bu uslub to‘g‘ri kelmaydi. O‘ylab ko‘ring, bemor yonidagi shifokorda to‘rtta yoki beshta javob yoki davo chorasi varianti bo‘lmaydi-ku! Tibbiyot klinik fikrlashga asoslanishi, shifokor barcha variantlarni tahlil qilishga o‘rganishi lozim. Mana shu dunyoqarashim menga ko‘p qo‘l keladi.

– Nega aynan Yaman davlatini tanlagansiz va qancha vaqtdan buyon u yerda faoliyat yuritasiz?

– 2001 yilda Yamanda ishlab yurgan dugonam shu davlatga ishga taklif qildi va mening mutaxassisligim hamda tajribam bilan ishlab topadigan maoshim 600 dollar bo‘lishi mumkinligini aytdi. Men butunlay hayratda qoldim. O‘sha paytda qancha maosh olishimni aytsam hayron qolasiz – 30 dollar! Yashirib nima qildim, suyunchi puli berishar, ataganlarini cho‘ntagimga solib ketishardi. O‘shalar bilan qo‘shib topganim ba'zan 100 dollarga yaqin bo‘lardi. Lekin bemorlarga «faloncha berasiz» deb so‘rashdan qo‘rqardim.

To‘g‘ri, 600 dollar maosh albatta katta turtki edi, ammo bundan tashqari boshqa davlatlarni ko‘rish, o‘zgacha hayot bilan tanishish ishtiyoqi ham bo‘lgan.

Shunday qilib, Yamanga yetib keldim. To‘g‘risini aytsam, dastlab juda kuchli madaniy shokka tushganman. Ko‘nikishim og‘ir kechgan. Maoshim va qo‘shimcha foizlar bilan chindan ham birinchi oydanoq 700 dollarga yaqin daromad qilganman.

Qiyoslash uchun aytaman, o‘sha paytlarda o‘zimizda 1000 dollarga ikki xonali uy olish mumkin edi. Mana, 19 yildirki qisqa uzilishlarni aytmasa, asosan shu davlatdaman.

– O‘zbekiston va Yaman tibbiyoti o‘rtasidagi tafovutlar yoki o‘xshash jihatlar qanday?