Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Quyidagilar:
Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga ayrim toifadagi abituriyentlarni kirish test sinovlarisiz qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar inobatga olinadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU) magistraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilinadi;
masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha o‘qishga bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda qabul qilinadi;
bazaviy oliy yuridik ma’lumotga hamda davlat hokimiyati va markaziy boshqaruv organlarida yuridik yo‘nalish bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarni TDYuU magistraturasiga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy, sirtqi va kechki o‘qitish dasturlari bo‘yicha o‘qishi uchun qabul qilish tegishli davlat organining birinchi rahbari tavsiyasiga ko‘ra, kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari amalga oshiriladi;
“Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni imtiyozli tugatgan bitiruvchilarni TDYuU magistraturasiga test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, o‘qish qiymatining 50 foizini to‘lab, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng TDYuU, yuridik fakultetlar, yuridik texnikumlar va TDYuU qoshidagi akademik litseyda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini yuklagan holda qabul qilish tartibi joriy etiladi;
bazaviy oliy yuridik ma’lumotga ega, yuridik texnikumlarda kamida uch yil ishlagan pedagog va rahbar xodimlar TDYuU magistraturasiga kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari, o‘qishni tugatgandan so‘ng taqsimot bo‘yicha adliya organlari va muassasalarida, birinchi navbatda, yuridik texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini olgan holda o‘qishga qabul qilinadi;








