O‘zbekiston | 14:38 / 12.06.2020
76816
2 daqiqa o‘qiladi

15 iyundan boshlab faoliyati tiklanayotgan buyum bozorlarida savdo qay tarzda yo‘lga qo‘yilishi ma'lum qilindi

2020 yil 15 iyundan boshlab «yashil» va «sariq» hududlarda buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat berilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov 12 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda buyum bozorlarida savdo-sotiq qay tarzda yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lumot berdi.

«Buyum bozorlarida epidemiologik barqarorlikni ta'minlash va kasallikni keng tarqalishini oldini olish uchun barcha zaruriy profilaktik choralar ko‘riladi. Jumladan, buyum bozorlari xar kuni ish boshlashidan oldin va ish vaqti tugaganidan so‘ng dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlanishi asosiy talablardan biridir.

Shuningdek, buyum bozorlarining har birida alohida-alohida do‘konlarning bo‘lishi va ularda oraliq masofani, ya'ni sotuvchi va xaridor o‘rtasida masofani saqlagan holda savdo qilinishi, bu jarayonda hamma tibbiy niqob va qo‘lqoplarda bo‘lishi, qo‘llarini tez-tez zararsizlantirib turishi talab etiladi.

Shu bilan birga mas'ullar do‘konga kirishdan oldin har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan hamda tibbiy niqobsiz yurgan shaxslarni buyum bozorlari hududiga kiritmaslik (ushbu fuqarolarni alohidalash va 103 raqami orqali tez tibbiy yordamga murojaat etish) choralarini ko‘rishlari lozim.

Bundan tashqari, kichik do‘konlarga bir nechta xaridorning zich bo‘lib kirib olishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Bunda har bir do‘konning maydonidan kelib chiqqan holda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlagan holda xaridorlar kiritilishi, me'yordan ortiqlari tashqarida oraliq masofani saqlagan holda kutib turishlari talab etiladi», deya Botir Qurbonovningso‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid