Psixologlarning fikricha, odamlarning odatiy turmush tarzining buzilishi natijasida ularning bezovtalik darajasi, uydagi zo‘ravonliklar holatlari ortadi, agressiya va vahimaga tushishga moyillik kuchayadi. Dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus fonida joriy etilgan cheklov choralaridan norozilar va karantin sabab yuzaga kelgan iqtisodiy oqibatlardan xavotirda bo‘lgan odamlar izolyatsiya rejimini bekor qilishni talab qilib, turli namoyishlar o‘tkazishmoqda. Biroq ko‘pgina tinch namoyishlar tartibsizlik, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik va talonchilik holatlari bilan yakunlanmoqda.

Tadbirda so‘z olgan «Yuksalish» harakati rahbari Akmal Burxanov pandemiya davrida turli davlatlarda norozilik namoyishlari bo‘layotgani haqida so‘zladi:

– Ayni paytda pandemiya muammosi chetga surilib, dunyoning turli nuqtalarida namoyishlar, talonchiliklar boshlanib ketdi. Tartibsizliklarning salbiy oqibati haqida qator misollar keltirish mumkin. Masalan, birgina Hongkongdagi namoyishlar oqibatida YaIM 2 foizga, savdolar 7 foizga tushib ketgan. Arab bahorining salbiy oqibatlarini ham hammamiz bilamiz.

Albatta, men o‘z haq-huquqlarini himoya qilib chiqqan odamlarning demokratik huquqlarini, ya'ni tinch namoyish o‘tkazish huquqini cheklash tarafdori emasman. Lekin hammasi qonun doirasida, boshqalarga zarar yetkazmagan holda bo‘lishi shart.

Hozirgi davrda globalizatsiya jarayonlari, dunyo miqyosida bo‘lib o‘tayotgan barcha inqirozlar bizning mamlakatimizga ham ta'siri sezilarli bo‘lganini hisobga olgan holda, jamoat tashkiloti vakili sifatida va barcha fuqarolik jamiyati institutlari nomidan shuni aytishim mumkinki, biz bugungi kunda amalga oshayotgan islohotlarga qanchalik befarq bo‘lmas ekanmiz, tartibsizliklar kelib chiqish holatlariga, ommaviy axborot vositalarida kuzatishimiz mumkin bo‘lgan noqonuniy ommaviy chiqishlarga va shu kabi tartibsizliklarga chaqiruvlarga befarq emasligimiz va oldini olish bo‘yicha har birimiz ma'sulmiz, deb hisoblayman. Chunki har qanday holatda ham mamlakatimizda qonun ustuvorligi eng asosiy masala ekanini barcha yaxshi tushunadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ham namoyishlarga chaqiriqlar paydo bo‘lib qoldi. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari qonun bilan himoyalangan. Lekin qonunda belgilangan tartibdan chiqish javobgarlikka tortilishga ham sabab bo‘ladi, – dedi Akmal Burxonov.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati