O‘nlab xodimlarga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, bozor atrofidagi 11ta tuman karantinga yopilgan. Bu bozor Pekindagi go‘sht va sabzavot mahsulotlarining 80 foizini yetkazib beradigan bozor hisoblanadi.
Shahardagi barcha bozorlar vaqtincha yopilgan. Shuningdek, hukumat maktablarni ochish to‘g‘risidagi rejani keyinroqqa qoldirishga qaror qilgan.
Pekinning Fentay tumanida «harbiy holat rejimi» e'lon qilindi. Endilikda Xitoy poytaxti epidemiyaning ikkinchi to‘lqinini boshdan kechirishga tayyorlanmoqda.
Xitoyda so‘nggi bir kunda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 57ta va kasallik belgisiz o‘tayotgan 9ta holat aniqlandi. Bemorlarning 2 nafari sog‘aydi, vafot etish holatlari qayd etilmadi.
Yangi kasallanish holatlarining 36tasi mamlakat ichida aniqlangan (Pekinda – 36, Lyaonin provinsiyasida – 2), 19ta holatda esa chetdan kirib kelganlarda virus qayd etilgan. Mamlakatda jami 83132 kishi koronavirusga chalingan. Bemorlarning 78 369 nafari sog‘aygan, 4 634 nafari vafot etgan. Ayni vaqtda shifoxonalarda 129 nafar bemor qolmoqda.
Braziliya Covid-19’dan o‘lim darajasi bo‘yicha Britaniyani ortda qoldirib, dunyo reytingida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Shu vaqtgacha Janubiy Amerikaning ushbu mamlakatida koronavirus 43 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketdi. Jami zararlanish holatlari soni 850 mingdan oshgan. Lekin mamlakat aholisi ommaviy ravishda test qilinmagani tufayli raqamlar bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Braziliya hali kasallik avj olishining eng yuqori nuqtasidan o‘tmagani aytilmoqda.
Hongkongda Ocean Park ko‘ngilochar maskani 4 oylik karantindan keyin ochildi, ammo bu park hozircha faqat 25 foizga ishlaydi. Shanba kuni yuzlab odamlar bu yerga kirish uchun yomg‘ir ostida navbatda turishdi.
Shvetsiyada mamlakat hududi bo‘ylab erkin harakatlanishga ruxsat berildi. Ushbu mamlakatda qat'iy karantin choralari joriy etilmagan bo‘lsa-da, hukumat fuqarolardan zaruratsiz sayohatlarga chiqmaslikni so‘ramoqda.
Hindiston va Armanistonda kunlik o‘sish bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar qayl etildi - mos ravishda 11 458 va 723ta holat. Hindiston ayni vaqtda Covid-19 bemorlari soni bo‘yicha dunyo reytingida to‘rtinchi o‘ringa chiqib olgan. Rasmiy prognozlarga ko‘ra, Hindiston poytaxti Dehlida iyul oyi oxirigacha 500 mingdan ortiq kishi koronavirusdan zararlanishi mumkin.



















