Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan kasallanish holatlari soni 8,3 milliondan oshdi, qariyb 450 ming kishi ushbu kasallikdan vafot etdi.

Ayni vaqtda Lotin Amerikasi infeksiya tarqalishining asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda, qator davlatlarda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini kuzatilmoqda.

BBC dunyodagi Covid-19 pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma'lumotlarni keltirdi.

Britaniyadagi vaziyat
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Rossiya, Xitoy va Eron pandemiya bilan bog‘liq vaziyatdan o‘z manfaatlarini ilgari surishda foydalanayotgani haqida gapirdi. U Xitoy hukumati Hongkong ustidan nazoratni kuchaytirayotganini misol tariqasida keltirdi.

Raabning fikricha, Rossiya internet platformalari va boshqa vositalar orqali muntazam ravishda sog‘liqni saqlash sohasidagi masalalar bo‘yicha yolg‘on xabarlar va tashviqot tizimini yo‘lga qo‘ygan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ayblovlarni absurd deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya epidemiya boshlanganidan buyon bor imkoniyatlarini ishga solgan holda virusga qarshi kurashda dunyo bilan hamkorlik qilmoqda.

Bu vaqtda London Qirollik kolleji olimlari ijtimoiy tarmoqlar, Facebook va YouTube kabi platformalar jamoatchilik sog‘ligiga tahdid solishi, chunki bu joylarda koronavirus tarqalishi va tabiati haqida konspirologik nazariyalar tarqatilishi haqidagi tadqiqot natijalarini e'lon qilishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bunday xabarlar tufayli karantinga rioya etishni ahmoqlik deb hisoblashmoqda va hukumat joriy etgan tartiblarni buzishmoqda. Mart-aprel oylarida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida olimlar Britaniyadagi ko‘pchilik internet foydalanuvchilari Covid-19 ataylab laboratoriyadan chiqarib yuborilgani yoki 5G aloqa minoralari koronavirus tarqatishi haqidagi cho‘pchaklarga ishonishini aniqlashgan.

Charlz hid bilish qobiliyatini yo‘qotdi
Britan taxti vorisi shahzoda Charlz shifokorlar bilan uchrashuv vaqtida unda koronavirusni boshdan kechirganidan so‘ng hid va ta'm bilish qobiliyati tiklanmagani haqida tan oldi. Ma'lumki, bu hislarni yo‘qotish Covid-19 alomatlari hisoblanadi.