XTV axborot xizmatining xabar berishicha, yangi universitet ta'lim tizimiga jahonning ilg‘or standartlarini kiritish, dunyoning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyotimizning turli tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlash, ayniqsa, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish uchun zarur bo‘lgan pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Universitet tomonidan belgilangan qabul parametrlari doirasida Xalq ta'limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga ko‘ra The Times Higher Education “World University Rankings” reytingidagi dunyoning eng yukori 1000 talikka kiruvchi oliy ta'lim muassasalari dasturlari asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiriladi. Iqtidorli yoshlar uchun imtiyozli grantlar ajratiladi.
Bitiruvchilar respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida STEAM (Science – fan, Technology – texnologiya, Engineering – injyenerlik, Ars – san'at, Math – matematika) fanlarini bemalol ingliz tilida xalqimiz farzandlariga ta'lim beradilar. Bu esa mamlakatimizdagi maktablarda yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlash uchun asos bo‘ladi. Ta'kidlab o‘tish kerak, hozircha STEAM fanlar faqat Prezident maktablarida ingliz tilida xorijiy pedagoglar tomonidan olib borilmoqda.
Ushbu maqsadlar uchun potensial investorga Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “G‘alabaning 40 yilligi” 2-mavzesida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida beriladi.
Potensial investor o‘z mablag‘lari hisobidan universitet faoliyatini moliyalashtirish, obektlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish kabi investitsiya majburiyatlarini bajarishi lozim.
Shu bilan bir katorda, ijtimoiy majburiyatlar bajarish doirasida shartli ravishda 10 yil davomida ilg‘or xorijiy oliy ta'lim muassasalari dasturlari asosida yiliga bepul 100 tadan pedagog tayyorlab bersa va ushbu dasturlar bo‘yicha yiliga taxminan 15 mln.so‘m xarajat qilsa, uning mazkur majburiyati summasi taxminan 60,0 mlrd.so‘mni tashkil qiladi (100 bitiruvchi x 4 yil o‘qish davomiyligi x 15 mln.so‘m yiliga x 10 ta guruh). Ya'ni, yuqorida ko‘rsatilgan obektni berish hisobiga davlat budjetidan kamida shu miqdordagi mablag‘ni sarflamasdan zamonaviy kadrlar tayyorlanishiga erishiladi.







