Pandemiya sharoitida xorijdan turistlar oqimi kamayishi shubhasiz. Shunday sharoitda ichki turizm inqirozning soha obektlariga ta'sirini yumshatishda qo‘l kelishi mumkin. Ammo ta'kidlash kerakki, aholining aksar qismida mamlakat bo‘ylab sayohat qilish ishtiyoqini yuqori deb bo‘lmaydi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistonda ichki turizm salmog‘i 14 mln 748 ming kishini tashkil etgan. Bu raqamlar rivojlangan davlatlarda ham foydalaniladigan hisoblash metodologiyasiga asoslab chiqarilgandir balki, ammo baribir mazkur statistika real holatni ko‘rsatayotganiga ishonish qiyin.

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi, o‘tgan yilning kuzida qabul qilingan prezident farmonida ularni sayohat qilishga rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Shu farmonga asosan, Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, o‘tgan yilning dekabr va shu yilning fevral oylarida muhokamaga qo‘yildi. Ammo haligacha konsepsiya tasdiqlanganicha yo‘q.

Biz ichki turizm, xususan yoshlar sayyohligi darajasi yuqori emasligi masalasida jamoatchilik vakillari fikrlari bilan qiziqdik.

«Nega Bo‘stonliqda yoki Zominda 1 haftalik hordiq xarajati Antaliya yoki Tailanddagi 1 haftalik hordiq xarajatidan qimmatga tushyapti?»

Otabek Bakirov – iqtisodchi, bakiroo Telegram-kanali muallifi:

— Ichki turizmni rivojlantirishga asosan byurokratik qarorlar chiqarish bilan turtki berishga urinishlar sezilyapti. Masalan, Navro‘z va Yangi yil arafasida Havo yo‘llari va Temir yo‘llari chegirmalar beryapti, yirik ish beruvchilar raznaryadka bo‘yicha xodimlari uchun tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtiryapti va boshqalar. Lekin topshiriq va direktivalar bilan ichki turizm ko‘lami kengayib qolmaydi.

Nega Bo‘stonliqda yoki Zominda 1 haftalik hordiq xarajati Antaliya yoki Tailanddagi 1 haftalik hordiq xarajatidan qimmatga tushyapti? Shu haqda o‘ylash kerak.