Yaydoq dasht va toshloqlardan iborat hudud o‘rtasidagi yo‘l bo‘ylab 6-7 km yursangiz, chindan ham Tojikiston va O‘zbekiston chegarasiga borib qolinadi.
«Nuran uz» MChJ tomonidan Pop tumanidagi adirliklardan iborat ana shu hududdan 1 885 gektar o‘zlashtirilmagan yerda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etilgan.
«Nuran uz» MChJ ta'sischilaridan biri Nurali Abdullayev bizga hamrohlik qildi va meva-sabzavotchilik sohasiga ixtisoslashgan klaster faoliyati bilan tanishtirdi.
Nega aynan shu joy tanlangan?
– Agrobiznes sohasida ham tadbirkorlar ko‘paymoqda, deyarli ikki ming gektar bo‘lgan yaxlit joy topish qiyin bo‘lib qoldi. Endi bundan buyon yer tanqislashaveradi, ishlaydiganlar saralanavayeradi.
Keyin biz beshta joyning tuprog‘idan namuna olib, Fransiyada tekshirtirganmiz va biz yetishtirmoqchi bo‘lgan mahsulotlarga aynan shu joy mos kelgan.
Tashkilotimiz olgan bu yer hududi oxirgi marta 1983 yilda ishlov berilgan, keyinchalik qarovsiz qolib, hech narsa ekilmagan edi. Bizga bu hududdan 1 885 gektar yer berildi, hozirga qadar uning 400 gektardan ortig‘ini o‘zlashtirib, mevali daraxtlar, ular ostiga tarvuz-qovun ekdik.
Yerni haydash ham oson bo‘lmadi, 90 tonnali buldozerlar bilangina yuza qismini yumshata oldik, deyarli 40 yil davomida tarashaday qotib ketgan ekan.
Qolgan qismlarda ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda: poliz mahsulotlari ekdik, tokzorlar tashkillashtirish rejalashtiryapmiz. Ayni paytda yetishtirayotgan tarvuzlarimizni Rossiya davlatiga eksport qilmoqdamiz, mahalliy bozorni ham ta'minlayapmiz.

Joriy yil yetishtirilgan tarvuzlarimizni 98 ming AQSh dollari miqdorida eksportga yo‘naltirdik. Keyingi yillarda o‘rik, tarvuz yoki boshqa mevalarimizni Rossiya, BAAga yo‘naltirish rejamizda bor. Hosildorlikka qarab, bu eksport nuqtalari kengayib boraveradi.
Ayni paytda o‘zimiz yetishtirayotgan mahsulotlarni bozordagi eng shirin mevalar qatorida, deb ayta olamiz. Sababi ularni o‘stirishda kimyoviy o‘g‘itlar ishlatilmaydi va tabiiy holda o‘stirishga harakat qilamiz.



















