O‘zbekiston | 14:29 / 08.07.2020
50506
2 daqiqa o‘qiladi

Video: SSV Toshkentda koronavirus og‘ir kechayotgan bemor ahvolini namoyish etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida koronavirusdan davolanayotgan, sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatish jarayoni aks etgan videoni taqdim etdi.

«Videolavhada guvohi bo‘lganingizdek, sun'iy nafas olish apparatiga ulangan bemorning ahvoli nihoyatda og‘ir kechmoqda. Shifoxonalarimizda tez-tez yuz berayotgan bu kabi achinarli holatlarni ko‘p eshitganmiz, ammo bundan hamisha ham to‘g‘ri  xulosa chiqaravermaymiz. Vaziyatni ko‘z bilan ko‘rganimizda esa beixtiyor ehtiyot bo‘lish lozimligini o‘ylab qolamiz. 

Bemorga tibbiy yordam ko‘rsatayotgan shifokor qayd etganidek, ushbu 69 yoshli bemor 30 iyun kuni og‘ir ahvolda, tez tibbiy yordam mashinasida klinikaga olib kelingan. Bemorga koronavirus infeksiyasi farzandlari orqali yuqqan. Shunga qaramay o‘z sog‘ligiga e'tiborsizlik bilan qaragan bemor uy sharoitida  davolanishga harakat qilgan. Natijada, kasallik zo‘rayib ketgan.

Ayni paytda bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, ikki tomonlama pnevmoniya bilan kechmoqda. Shifokor ogohlantirganidek, koronavirus infeksiyasining eng yomon tomoni, pnevmoniyani tez rivojlantiradi. Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan kasallikning ilk alomatlari sezilgan zahotiyoq, zudlik bilan shifokorga murojaat qilishlari lozimligini doimiy ravishda so‘rab keladi.

Mazkur videolavha barchamizga katta saboq bo‘lib, shunga yarasha karantin qoidalariga qat'iy rioya etish, yaqinlarimizni, ayniqsa, keksalarimizni avaylashimiz, har qadamda hushyorlikni yo‘qotmaslikni doimiy odatga aylantirishimiz zarur ekanini ko‘rsatmoqda. Aks holda, videoda aks etgan bemorning ahvoliga tushib qolmasligimizga hech kim kafolat bera olmaydi. 

O‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligiga e'tiborsiz bo‘lmang, hushyor holda karantin qoidalariga so‘zsiz rioya etishni aslo unutmang!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid