O‘zbekiston | 14:12 / 09.07.2020
19912
3 daqiqa o‘qiladi

«Karantinga to‘la rioya qilinsa, 1 avgustdan yana hammasi iziga tushishi mumkin» – mutaxassis cheklovlarga qaytish zarurati haqida

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibullo Oqilov qat'iy karantin cheklovlariga qaytish nega kerak bo‘lgani haqida gapirdi.

«Kasallik 1 iyuldan boshlab ko‘paydi, deb hech kim aytgani yo‘q. Kasallik so‘nggi 2 hafta-20 kunda kunlik ravishda ko‘payib bordi. Ungacha nega karantin qabul qilindi va nega yumshatila boshlandi?

Mart oyida o‘rnatilgan karantinning natijasini ko‘rdik, uni hamma davlatlar e'tirof etdi. Yangi aniqlangan kasallar soni tuzalayotgan bemorlar sonidan 2 baravar kamaygandan keyin karantinni yumshatish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Karantinni yumshatish bo‘yicha o‘tkazilgan selektorda agar vaziyat, statistika o‘zgaradigan bo‘lsa, yana qat'iy cheklovlarga qaytilishi haqida aytilgan edi.

Karantin yengillashtirilgandan keyin xalq sal noto‘g‘ri tushundi – bo‘ldi, buyog‘iga karantin ochildi, eski hayotga qaytdik, deb o‘ylashdi. To‘da bo‘lib yig‘ilish, qator-qator mashinalar, Chimyon-Chortoq, 100 kishilik to‘ylar, go‘zallik salonlari, restoranlar...

Transportga ruxsat berilganda 50 foiz yuklama olish, faqat o‘rindiqlarda ijtimoiy masofa saqlagan holda yurishga ruxsat berildi. Ammo «pik» vaqtida ko‘rsangiz, odamlar tirband bo‘lib, bir-birining qulog‘iga nafas olib ketyapti. Bundan keyin kasallik yuqmay nima qilsin?!

Vatandoshlarni chet eldan olib kelish to‘xtagani yo‘q, har kuni 2-3ta charter reysda 500tagacha odam qaytib kelyapti. Ular yashil davlatlardan kelayotgani yo‘q, hammasi qizarib yotgan davlatlardan kelyapti. Charter reysda kelganlar orasida kasallik aniqlanish holati 60 foizgacha chiqdi.

Yuqoridagi omillar hisobiga oxirgi 20 kun ichida kasallik ko‘rsatkichlari yana ko‘tarilib bordi. Shuning uchun 10 iyuldan qat'iy karantinni boshlamasak, buyog‘iga kech qolamiz, deb bong uryapmiz», dedi Oqilov Maxsus komissiyaning karantinni kuchaytirish haqidagi qarori yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinborsari Elmira Bositxonovaning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi qarorlar 20 kunlik karantin natijalari tahlilidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

«Karantinning birinchi o‘n kunligida, 20 kundan keyin yana tahlillar qilinadi. Mana shu tahlil natijalari asosida qarorlar o‘zgaradi. Respublika maxsus komissiyasi shuning uchun ham tuzildi, qarorlar vaziyatdan kelib chiqqan holda har kuni o‘zgarishi mumkin», dedi Bositxonova.

Habibullo Oqilov 20 kunlik karantin qoidalariga qat'iy rioya qilinsa, 1 avgustdan vaziyat iziga tushishi mumkinligini ta'kidladi.

«Yangi cheklovlar boshlang‘ich bosqichda 1 avgustgacha deb aytilyapti. Agar kasallik zanjirlarini uza olsak, yangi holatlar aniqlanishi kamaysa, yangi qarorlar qabul qilinadi. Karantin qoidalariga to‘la rioya qilinsa, 1 avgustdan yana hammasi iziga tushishi mumkin», dedi u.

Mavzuga oid