«Pandemiyadan kuchli bo‘lib chiqishning birdan bir yo‘li – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish», dedi davlat rahbari.

Murakkab sharoitga qaramay, ushbu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda, lekin ba'zi hududlarda bu boradagi ishlar qoniqarli emasligi ta'kidlandi.

Karantin talablarining yumshatilishi natijasida korxonalar faoliyati tiklandi. Biroq 69 mingta tadbirkorning faoliyatini jonlantirish kerakligi, joylardagi rahbarlar 9 oy yakuni bo‘yicha ularning kamida 70 foizini, yil yakuniga qadar to‘liq quvvat bilan ishlashiga mas'ul va javobgarligi belgilandi.

Mamlakat miqyosidagi mutasaddilarga hududlarga borib tushumi kamaygan korxonalar bilan tizimli ishni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelayotgani ta'kidlandi. Shu bois, tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta ko‘rib chiqib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tushunarli shaklda aholiga yetkazish topshirig‘i berildi.

O‘tgan yilda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarning, ya'ni, yangi biznes sub'yektlarining 23 mingtasi yoki 24 foizi bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmayapti. Mas'ul rahbarlar ular bilan muloqot qilishi, tez fursatlarda ularni ishga tushirish choralari ko‘rilishi belgilandi.

Bunda tadbirkorga ko‘proq sharoit yaratib berish, jumladan, elektr, gaz, suv ta'minoti, yo‘l, kredit bilan bog‘liq masalalarni yechib berish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Faoliyat boshlayotgan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Bunda tadbirkorni maxsus kurslarda o‘qitish, sub'yektni ro‘yxatdan o‘tkazish, asbob-uskuna sotib olish xarajatlarining bir qismiga grant ajratish nazarda tutiladi. Ushbu tizimning vertikal ijrosini ta'minlash uchun hozirda faqat respublika darajasida faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ishini tumangacha tushirish lozimligi qayd etildi.

Xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun eng qulay, ko‘p va yuqori daromadli ish joylari tashkil etish mumkin bo‘lgan 31ta o‘rta shaharlarda infratuzilmani yaxshilash, yer resurslari va bino-inshootlardan to‘g‘ri foydalanish, rejalashtirish, boshqaruv va jamoat transportini to‘g‘ri tashkil etish aholi daromadi o‘sishiga keskin turtki beradi.