Barchamiz hozir guvohi bo‘lib turibmizki, koronavirus pandemiyasi davom etyapti. Jumladan, O‘zbekistonda ham bu pandemiya juda avjiga chiqdi. Kecha, 8 iyul kuni, muhtaram prezidentimiz boshchiligida videoselektor bo‘lib o‘tdi. Shu videoselektorda ham bu gaplarni kuyib-pishib gapirdilar. Bular – xalqning osoyishtaligini ko‘zlab gapirilgan gaplar.

«Bu juda murakkab sinov va og‘ir kurashda ko‘p narsa o‘zimizga bog‘liq», dedilar. Haqiqatan, bu insonning o‘ziga bog‘liq. Inson murakkab sharoitda o‘zini saqlasa, sabr qilsa, qanoat qilsa va ko‘rsatmalarga amal qilsa, bu insonning yutug‘i bo‘ladi, bu xalqning farovonligi bo‘ladi. Inson bir o‘zi uchun emas, oilasi uchun, bola-chaqasi uchun, qo‘ni-qo‘shnisi uchun, butun jamiyati uchun sabr bilan katta manfaat keltiradi.

Besabr bo‘lsa va karantin qoidalariga amal qilmasa, bu butun jamiyatga va oilasiga katta zarar bo‘ladi.

Qat'iyat va intizom bilan hammamiz jipslashib, birga harakat qilib, bularning ustidan g‘olib kelamiz. Buni odamlar tushunishi kerak. Ba'zida ko‘chalarda ko‘rib qolamiz – karantin qoidalarini buzgan, niqobsiz yurgan, ijtimoiy masofani saqlamagan, e'tiborsiz bo‘lgan. Hech narsa bo‘lmagandek, hech narsani bilmagandek. Bu insoniyat uchun, jamiyat uchun o‘ta zarar.

10 iyuldan boshlab karantin qoidalari yana qat'iylashyapti. O‘z-o‘zidan ma'lumki, karantinning barcha sohalarga ta'siri bo‘ladi. Jumladan, masjidlarimiz faoliyati ham vaqtinchalik, 1 avgustgacha to‘xtatib turiladi. Mo‘min-musulmonlar bu holatni to‘g‘ri tushunishlari, to‘g‘ri qabul qilishlari kerak. Intizomga rioya qilish kerak.

Hududlar yashil bo‘lganda masjidlar ochib berildi. Ibodatlar rohat bilan qilindi. Bugun endi pandemiya avj olyapti. Odamlarimiz to‘g‘ri tushunadilar, o‘zimizni, bola-chaqamizni, qo‘ni-qo‘shnilarimizni, jamiyatimizni bu balodan asrashimiz kerak. Bu balodan asrashning bir yo‘li sabr-u qanoat, yana bir yo‘li karantin qoidalariga to‘la amal qilish bilan bo‘ladi.

Imom Hokimdan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarida shunday bashorat qilinadi: «Xursand bo‘ling. Sizlarga yengillik keladi. Har bir qiyinchilik ikki yengillikdan ustun kelmaydi».

Ya'ni bir qiyinchilik kelsa, albatta, uning orqasidan Alloh Taolo bandasiga yengillik beradi. Chunki Alloh bandasiga mehribon. Lekin bitta qiyinchilik ikkita yengillikning ustidan g‘olib kela olmaydi. Albatta, yengillik g‘olib keladi. Chunki Alloh Taolo bandalarini o‘zi yaratgan va o‘zi asraydi. Faqat bunga amal qilish, sabr va qanoat qilish kerak bo‘ladi.