O‘zbekiston | 00:47 / 10.07.2020
17691
3 daqiqa o‘qiladi

«Har bir oilada avvalo qo‘l yuvish uchun sharoit bo‘lishi kerak» - vazir o‘rinbosari obdastadan foydalanmaslikni tavsiya qildi

«Joylarda yurganimda ba'zi qishloqlarda qo‘l yuvish madaniyatining yo‘qligini ko‘rdim. Obdasta sanitar nuqtayi nazardan ziyonliroq anjomga aylanyapti», – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova.

Aholi orasida ma'muriy jarimadan qochish uchungina niqob taqish, koronavirusni jiddiy qabul qilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Joylarda olib borilayotgan tashviqotlar yetarli samara bermayotgan ekan, tashviqot usullarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilmayaptimi?

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu savolga javob berib o‘tdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Tashviqotni boshqacha tarzda olib borish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Hududlarda onalik va bolalik masalalari mas'ullari, birlamchi tizimdagi umumiy amaliyot shifokori va patronaj xodimlari bilan suhbat olib bordik. Har bir oilada birinchi navbatda qo‘l yuvish uchun barcha sharoit bo‘lishi kerak. Mahallalardagi salomatlik maktablari orqali buni bajarishga harakat qilamiz.

Targ‘ibot ishlariga mahallada obro‘ga ega kishilar jalb etiladi. Ularning yonida, albatta, tibbiyot xodimi ham bo‘lishi kerak.

Biz targ‘ibotni muntazam olib borishimiz kerak. Bir martada «niqobingni taq» degan bilan hech narsa bo‘lmasligini ko‘ryapmiz. Bu turmush tarziga aylanadigan darajaga chiqishimiz kerak.

Biz endi boshqacha yashashimiz kerak. Boshqacha yashash uchta yo‘l orqali bo‘ladi – niqob taqishni bilish, ijtimoiy masofaga rioya qilish, oilada qo‘l yuvish madaniyatini hayot tarziga aylantirish.

Joylarda yurganimda ba'zi qishloqlarda qo‘l yuvish madaniyatining yo‘qligini ko‘rdim. Obdasta sanitar nuqtayi nazardan ziyonliroq anjomga aylanyapti. Umivalnikda yuvinganda qo‘lning faqat bir nuqtasi tegadi, undan bemalol foydalanish mumkin. Qolaversa, sochiq tutishning ham o‘z madaniyati bor.

Oilada tibbiy madaniyat naqadar muhimligini, buni turli tanlovlar va jozibali targ‘ibot usullari orqali targ‘ib qilishimiz kerakligini tushundik. Misol uchun, «Eng ozoda oila», «Tibbiy madaniyati eng yuqori uy bekasi» kabi tanlovlarni e'lon qilish.

Ma'ruzalar hozir ish bermayapti. Targ‘ibotning eng samarali yo‘llari – ijtimoiy tarmoqlar, tarqatma materiallar va tanlovlar orqali. Tanlovni ham onlayn shaklda, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tkazish choralarini ko‘rib chiqyapmiz», – dedi Elmira Bositxonova.

Mavzuga oid