O‘zbekiston | 12:26 / 10.07.2020
5236
2 daqiqa o‘qiladi

Oylik yo‘l chiptalarining ishlatilmagan kunlari uchun pul qaytarib beriladi – Transport vazirligi

Iyul oyi uchun xarid qilingan oylik yo‘l chiptalari «Toshshahartransxizmat» AJning oylik yo‘l chiptalari va jyetonlar sotish bo‘limi tomonidan 1 avgustdan 10 avgustga qadar qaytarib olinadi va foydalanilmagan kunlar uchun pul mablag‘lari fuqarolarga qaytariladi.

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashirmatov 10 iyuldan boshlab avtobuslar harakati to‘xtatilishi tufayli Toshkent shahri yo‘lovchilari xarid qilgan oylik yo‘l chiptalari qaytarib olinishini ma'lum qildi.

«Toshkent shahridagi avtobuslarda harakatlanish maqsadida iyul oyi uchun xarid qilingan oylik yo‘l chiptalari «Toshshahartransxizmat» AJning oylik yo‘l chiptalari va jyetonlar sotish bo‘limi tomonidan 1 avgustdan 10 avgustga qadar qaytarib olinadi va foydalanilmagan kunlar uchun pul mablag‘lari fuqarolarga qaytariladi», dedi vazirlik vakili.

Shuningdek, vazirlik rasmiysi yo‘nalishsiz taksilar uchun «Toshshahartransxizmat» AJga tegishli 8ta avtobus saroyida yo‘nalishsiz taksilar va avtotransportlarini dezinfeksiya qilish ishlari olib borilishini eslatdi.

O‘zbekistonda mart oyida qat'iy karantin joriy etilishi munosabati bilan jamoat transporti faoliyati to‘xtatilgandi. Iyun oyida «yashil» hududlarda jamoat transporti faoliyatiga ayrim cheklovlar bilan ruxsat berildi. Ammo maxsus komissiyaning 8 iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar yana qat'iy karantin joriy etildi va jamoat transporti faoliyati ham to‘xtatildi.

Bundan avvalroq, Transport vazirligi 13 iyuldan mahalliy aviaqatnovlar va poyezdlar harakati cheklanishini, 1 avgustgacha bo‘lgan muddat uchun xarid qilingan poyezd chiptalarining puli to‘liq qaytarilishi, aviachiptalar esa 1 yil muddatga amal qilishini ham ma'lum qildi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid